O‘zbekiston | 13:05 / 06.11.2025
19201
8 daqiqa o‘qiladi

“Agroterrorizm”: Sho‘rchida fermerlarning piyozpoyalari eski uslubda yo‘q qilindi

2025 yil 31 oktyabr. Yer sayyorasining qay bir nuqtasida fermer yuqori texnologik dronlarni xo‘jaligiga joriy qilish ustida ishlayapti, boshqa bir nuqtasida esa hokimlar fermer ekinini traktorlar bilan payhon qilyapti... Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani fermerlari piyoz ekkani uchun tunda majburan avtobuslarga solinib,  hokimiyatga olib ketildi, “savalash” uchun. O‘z holiga qo‘yilmagan, hamon hokimlar “diktaturasi” ostida qolayotgan fermerlarni kim himoya qiladi? Jurnalist Shokir Sharipov hamon og‘riqli bo‘lib qolayotgan mavzuni yana bir bor esladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

31 oktyabrga o‘tar kechasi Sho‘rchi tumanidagi 80 nafarga yaqin fermer ikkita avtobusga chiqarilib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan viloyat hokimligidagi yig‘ilishga olib ketilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu safarbarlik g‘alla ekishni kechiktirganlik uchun jazo chorasi sifatida qo‘llangan.

Yana bir videoda fermer Dilmurod Shoydullayevga tegishli dalaga tuman hokimi boshchiligidagi mas’ullar kelib, yangi ekilgan piyoz maydonini buzib tashlagani aks etgan.

“Ekib qo‘yganingni baribir buzamiz. Bundan keyin narigi ekilgan dalaga o‘tamiz. Hozir hammasi o‘sha yoqqa ketdi mana… Pulingga kuyaman, 100 million, 200 millionga kuyaman desang, ekaver, og‘ayni. Senlarga gap ta’sir qilmas ekan. Piyoz ekkanlar bilan ovora bo‘lib, qancha azob chekdik, baribir paxta rejasini to‘ldira olmadingizlar. Tumanda 580 gektar paxta ekilmay qoldi”, - deydi mahalliy rahbarlardan biri.

Jurnalist Shokir Sharipov Agrobizes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov bilan fermerlar ishiga bu tarzda aralashuvning oqibatlari haqida suhbatlashdi.

“Agroterrorizm”

Bu kabi holatlar faqat Sho‘rchida kuzatilayotgani yo‘q, boshqa viloyatlarda ham ekinlarni yo‘q qilishyapti. Men buni “agroterrorizm” deyman. Bunday xatti-harakatlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida fermerlarga ko‘proq erkinlik berishni ko‘zda tutuvchi so‘nggi prezident farmonlariga tubdan zid keladi. Prezidentning bitta emas, ketma-ket ikkita farmoni chiqdi. Ularda paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarga yerning 45 foiziga paxta, 45 foiziga g‘alla va qolgan 10 foiziga erkin ekin ekishga ruxsat berilgan. Axir dehqonning qo‘lidagi pul ham aslida davlatning boyligi emasmi? Tadbirkorning sarmoyasi, fermerning mablag‘i va boshqa resurslarning barchasi davlat iqtisodiyotining bir qismi hisoblanadi. Ertaga misol uchun, piyozning narxi 5 ming so‘mga chiqib ketsa, bunga kim javob beradi? Shu ishni qilayotganlar xalq to‘laydigan ortiqcha pulni o‘z yonidan to‘lab bera oladimi?

Tushkunlik

Bunday harakatlar fermerlar kayfiyatiga jiddiy putur yetkazib, ularning qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritish istagini so‘ndirmoqda. Prezidentning qo‘llab-quvvatlovchi farmonlari va mahalliy amaldorlarning majburlovchi harakatlari o‘rtasidagi ziddiyat huquqiy noaniqlik va hafsalasizlik tuyg‘usini keltirib chiqarmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi texnikalariga kiritilayotgan sarmoyalarning sezilarli darajada kamayishiga va tajribali fermerlarning sohani tark etish tendensiyasiga olib kelmoqda.

Odamlarda “qonun chiqaveradi, lekin ishlamaydi” degan kayfiyat paydo bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, yerga kiritiladigan investitsiyalarga va boshqa jarayonlarga salbiy ta’sir qiladi. Texnika sotadiganlar bilan gaplashib turamiz, bu yil savdo ancha sust. Ya’ni dehqonlar sarmoya kiritmayapti.

Biz o‘tkazgan so‘rovnomalarga ko‘ra, fermerlarning taxminan 13 foizi bu yil yerini aniq topshirishini aytgan. Orasida 20-30 yillik tajribaga ega fermerlar orasida ham “bas, charchadim” deb yerni topshirayotganlari bor. Ular shaxsan menga murojaat qilishadi, shunday holatlar ko‘p.

Asosiy sabablar: mahalliy darajadagi korrupsiya va sabotaj

Ushbu muammoning ildizi quyi bo‘g‘indagi sabotaj va maishiy korrupsiyaga borib taqaladi. Shaxsiy kuzatishlarimga ko‘ra, ayrim amaldorlar yerdan foydalanish bo‘yicha 45-45-10 va boshqa islohotlar ijrosini ataylab paysalga soladi, so‘ngra fermerlarning o‘zlari yerni taqsimlashga qodir emas, degandek signallarni yuqoriga yuborishadi. Bunday sabotaj ko‘pincha korrupsion manfaatlarga asoslanadi. Hokim o‘rinbosarlari kimningdir foydasi uchun pora evaziga yer majburiyatlarini boshqa fermerlar zimmasiga yuklaydi.

Muallifdan so‘ngso‘z o‘rnida: bizdagidayi yana qayerda bor?

Qishloq xo‘jaligi o‘zi nima? Kimdir yerda ishlaydi va jamiyatni yegulik va boshqa – yerda yetishtirish mumkin bo‘lgan narsalar bilan ta’minlaydi. Jamiyatdan ortgani chetga sotiladi va mamlakatga valuta keladi.

Barcha o‘zini hurmat qilgan jamiyatlarda dehqonga hech kim xalaqit qilmaydi: nima ekkansan, kimga sotasan, bu – sening ishing.

“Nega? Majburlagan yaxshi emasmi? Urib-tepib ishlatsa ko‘proq mahsulot yetishtiradi-ku ishchilar! Indamasa taltayib ketadi, yaxshi ishlamay qo‘yadi, biz istaganni emas, o‘zi istaganni yetishtira boshlaydi”.

Yo‘q, bunaqa yondashuv ish bermasligini, faqat muammo keltirishini, soha bir joyda turib qolib, rivojlanmasligini, yer g‘amxo‘r odamisiz qolib, xor bo‘lishini, natijada minglab gektar yerlar ishdan chiqishini, odamlarni (dehqonlarni degim kelmayapti) quvib, urib ishlatish uchun minglab tekinxo‘rlarni saqlash – maosh, bino, mashina bilan ta’minlash jamiyatga qimmatga tushishini, haqiqiy dehqonlar sohani tashlab ketishini, qishloqlar rivojlanmasligini – hammasini o‘zga jamiyatlar tushunib yetdi.

Kommunistik Xitoy buni 1979 yildayoq tushunib yetdi va dehqonga indamaslik yo‘lini tanladi. Hozirda Xitoyda dehqonlar hatto hokimini tanimaydi. Ishlar 5, soha faqat oldinga qarab ketyapti.

Butun dunyo buni tushunib yetdi-yey. Biz qachon tushunamiz?

“O‘z holiga qo‘yib bersa fermer paxta ekmaydi, tekstil zavodlar nima qiladi unda?” – deydi kimdir. Bekor aytibdi o‘sha kimdir. Paxta ekish serdaromad mashg‘ulot. Faqat dehqonning o‘zi unga egalik qilsa va o‘zi istaganga va istagan paytda sotsa – butun dunyodagi kabi. Nega masalan, holva yoki choynak yasovchining boshida hokim turmaydi-yu, dehqonning ustida turishi kerak? Boshqa bizneslar aynan ustida hech kim turmasligi, faoliyat erkin ekani uchun rivojlanyapti.

“Dehqonlar klasterlarga arzon mahsulot yetishtirib bermasa, xonavayron bo‘ladi”, – deydi kimdir. Bozor iqtisodiyotida kimdir kimdirga arzon mahsulot yetishtirib berishi kerakmi? Bu qanaqa mantiq? Bozor iqtisodiyoti quryapmizmi yo boshqa narsanimi?

Yerda ishlaydiganlarni tadbirkordek ko‘rmasak, soha rivojlanmaydi, hali aytilgandek, katta resurslar tekinxo‘r fermerquvarlarni boqishga ketadi, egasiz yerlar xor bo‘ladi, ishdan chiqadi, yer bilan bog‘liq ilmiy izlanishlar rivojlanmaydi (chunki izlanishlarni hamma yerda katta-yu kichik dehqonlar uyushmalari oldinga yurg‘izadi).

Ko‘ringlar, borib dunyoda nima bo‘layotganini, qayerda dehqonlarni birov quvib yurganini ko‘rasizlar? Dehqonlar erkin – o‘z manfaatidan kelib chiqib harakat qiladi va bu orqali samaradorlikka erishadi, shu orqali o‘zi istasa-istamasa jamiyatga foyda keltiradi, yerga g‘amxo‘rlik qiladi, o‘z manfaatidan kelib chiqib ashyolarni asraydi. O‘zi uchun.   

Shokir Sharipov, jurnalist

Mavzuga oid