Iqtisodiyot | 12:07 / 06.11.2025
4910
2 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht importida monopol kompaniya paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijdan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi 2030 yil 31 dekabrgacha amal qiladi. Keyingi yildan veterinariya ruxsatnomasi va sertifikatini 2 baravar qisqartirilgan muddatda ko‘rib chiqib taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: iStock

«Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijdan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi 2030 yil 31 dekabrgacha amal qiladi.

2026 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha nasldor bir kunlik jo‘jalar importi uchun subsidiya faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan go‘sht yo‘nalishida xarid qilingan jo‘jalarga ajratiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni O‘zbekiston hududiga olib kirishda veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati xavfni tahlil qilish natijalariga ko‘ra beriladi. Ruxsatnoma va sertifikat berish muddati ham 2 baravar qisqartiriladi.

2026 yil 1 yanvardan 2027 yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol hamda tirik qo‘y va echkilar importida:

  • hisoblangan QQSni 180 kungacha kechiktirib to‘lash mumkin;
  • to‘langan QQS qonunchilik tartibida qaytarib beriladi.

Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun elektron auksion orqali yer uchastkalari ijara huquqini sotib olish to‘lovlarini 5 yil davomida teng ulushlarda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Bosh prokuratura va Raqobat qo‘mitasi hamkorlikda importyorlar aynan bir xorijiy eksport qiluvchidan mahsulot import qilishda ustunlikka ega bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qilib bormoqda.

Mavzuga oid