Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kupyanskdagi qotillik: oq bayroq ko‘targan qariyalar va it vahshiylarcha o‘ldirildi
Bugun Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda sodir bo‘lgan dahshatli voqea haqida gaplashamiz. Urush boshlanganiga to‘rt yil bo‘ldi, men bu vaqt davomida minglab dahshatli videolarni ko‘rishga majbur bo‘ldim. Urush haqida shunchalik ko‘p yozdikki, front hududlari yod bo‘lib ketdi. Har safar urushning yurakni ezadigan kadrlarini ko‘rganda, bundan yomoni bo‘lmasa kerak deb o‘ylardim. Lekin yaqinda Ukrainaning Kupyansk shahrida sodir etilgan qotillikdan hamon o‘zimga kelolmayapman...
Tinchroq joyga qochish umidida oq bayroq ko‘tarib ketayotgan ikki qariya sovuqqonlik bilan, faqat inson degan vahshiy jonzotning qo‘lidan keladigan jirkanchlik bilan o‘ldirildi. Ularning yonida ketayotgan oppoq, beozor, zabonsiz kuchukcha ham uzoq vaqt jon azobida tipirchilab o‘lib qoldi. Qariyalar tirik qolish umidida Yaratganga duo qilib tinmay cho‘qinayotganini ko‘rgach ham dron operatorlari qotillik qilish fikridan qaytmadi.
Nima bo‘lgan o‘zi?
Voqea Ukrainaning Xarkiv oblastida joylashgan Kupyansk shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Ikkita drondan videoga olingan kadrda ikki qariya yonma-yon ketayotgani, ularning biri oq bayroq ko‘tarib olganini ko‘rish mumkin. Hozir dronlar front chizig‘i yaqinidagi hududlarni jahannamga aylantirgan, odam bemalol ko‘chada yura olmaydi. Shu sabab mustaqil evakuatsiya bo‘layotgan odam qo‘liga oq bayroq ko‘tarib olishi kerak, bu qurolsizman degani, bunday odamni o‘ldirish urush qonunlariga zid, harbiy jinoyat!
Qariyalardan biri yonidagi oppoq kuchukchasi bilan sal ildamlaganida ularning yaqinida ajalvor FPV-dron paydo bo‘ladi. Bu arzongarov dronlarga o‘qdori yopishtirilgan, oldida go pro'ga o‘xshagan kamerasi bo‘ladi va operator kamera orqali odamning yoshi, bo‘yi, harbiy yoki harbiy emasligini bemalol ko‘ra oladi. Bunday dronlardan har ikki tomon dushman harbiylari va texnikasini yo‘q qilish uchun foydalanmoqda.
Videodagi qariyalardan birining yoniga dron uchib keladi va go‘yoki uni xavfsiz tomonga boshlayotgandek yo‘l bo‘ylab uchadi. Qariya yo‘l yurarkan tinmay cho‘qingani holatni tasvirga olayotgan tepadagi boshqa dron tasvirida ham yaqqol ko‘ringan. Oq bayroq ko‘targan qariya sekin ketayotganda dron birdan unga urilib portlab ketadi. Qariya joyida o‘ladi, uning yonidagi kuchukcha esa jon azobida tipirchilab, bir pasdan keyin u ham o‘ladi...
Keyin yana bir dron uchib kelib cho‘qinayotgan ikkinchi qariyani o‘ldiradi. Bu holatning barchasi teparoqdagi ikkita drondan videoga olib turilgan.
Kim aybdor?
Videoni birinchi bo‘lib «Operatsiya Z: voyenkori russkoy vesni» degan ruscha harbiy kanal e’lon qildi. Unda qariyalarni «ukrain harbiylari o‘ldirgani» aytiladi. Keyinroq bu video ukrain kanallarida ham tarqalib, unda «qariyalarni ruslar o‘ldirib Ukraina tomoniga ag‘darishga uringani» aytildi. Ukraina armiyasi 77-aeromobil brigadasi «bu ishni ruslar qilgani» haqida bayonot berdi. Ko‘p o‘tmay Ukraina bosh prokuraturasi bayonot berib, holat bo‘yicha harbiy jinoyat ayblovi bilan ish ochilganini ma’lum qildi.
Rossiyada juda ko‘p blogerlar videoni Ukraina tomoni qilgan deb tarqatdi, hatto mamlakatdagi asosiy davlat axborot agentligi «RIA-Novosti»da ham shunday ayblov chiqdi. Biroq Rossiya rasmiy idoralari holatga munosabat bildirmadi.
Holat birinchi bo‘lib ruscha Z-kanalda chiqqani ukrainlar e’tiborini tortdi. Ularning fikricha, video birinchi ruscha kanalda chiqqaniga qaraganda, barchasini rus dronlari videoga olgan. Rus dronlarida pastdagi dronlar odamlari o‘ldirishiga qarshilik qilish uchun yetarlicha vaqt bo‘lgan. Voqea sodir o‘lgan hudud haqida ham tomonlar ikki xil ma’lumot bergan: ruslar holat Kiyev nazorat qilayotgan hududda bo‘lgan deyishmoqda, ukrainlar teskarisi.
Urush shunga arzirmidi?
Kim aybdor ekani haqida istalgancha tortishish mumkin. Asosiy aybdor esa aniq: urush. Bu qotillikni qaysi la’nati harbiy sodir etgan bo‘lsa ham, uni urush mana shunday vahshiyga aylantirdi. Ikki slavyan davlat shunchalik dushmanga aylandiki, endi ular bir-birini ko‘rgan joyida o‘ldiradigan holatga yetdi. Nafrat aql bovar qilmas darajaga chiqdi. Endi bu ikki millat qachondir yana do‘stlashib ketishiga ishonish qiyin. Sizga shu kerak edimi, ikki qarich yer uchun urush boshlagan janoblar?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov