Jahon | 09:55 / 07.11.2025
13702
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Lavrovdan norozimi? Moskvada kadrlar bo‘yicha signallar

“Kelishilgan holda qatnashmadi” degan izoh bilan Sergey Lavrov RF Xavfsizlik kengashi majlisida ko‘rinmadi va G20 sammitida Rossiya delegatsiyasini boshqarmaydi. The Moscow Times yozishicha, Putinning Rossiya TIV rahbaridan noroziligiga Tramp bilan uchrashuvning o‘tkazilmay qolgani sabab bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda.

Foto: picture-alliance/dpa/A. Zemlianichenko

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, aftidan, mamlakat prezidenti Vladimir Putinning nazaridan qolgan. The Moscow Times shunday xulosaga keldi: Lavrov RF Xavfsizlik kengashining muhim majlisida qatnashmadi va G20 sammitida Rossiya delegatsiyasini boshqarmaydi. Nashrning 6 noyabr kuni yozishicha, Putinning noroziligiga sabab AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvning o‘tkazilmay qolgani — bunga esa Rossiya TIV rahbarining AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan muvaffaqiyatsiz suhbati turtki bo‘lgan.

Bundan avval Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin avvalgidek delegatsiya rahbari qilib Sergey Lavrovni emas, prezident ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkinni tayinlashga qaror qilganini ma’lum qilgan edi.

5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan va Putin RF Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan o‘tkazgan majlisda — unda to‘laqonli yadroviy sinovlarga tayyorgarlikni boshlash masalasi muhokama qilingan — Lavrov qatnashmadi. “Kommersant’” manbasining aytishicha, vazir bu yig‘ilishda “kelishilgan holda ishtirok etmagan”.

Oktyabr oyi oxirida xabar qilinganidek, Oq uy 21 oktyabr kuni Lavrov bilan keskin suhbat o‘tkazganidan keyin AQSh davlat kotibi Rubio prezidentga Rossiya muzokaralarga tayyorlik ko‘rsatayotgani yo‘qligini aytgani ortidan Tramp va Putinning Budapeshtdagi sammitini bekor qilgan.

Sammit yuz bermay qolganidan ko‘p o‘tmay, AQSh Moskva boshlagan Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan yakunlash jarayoniga “Rossiyaning jiddiy qiziqishi yo‘q”ligi bilan izohlab, Rossiyaning neft gigantlari — “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid