Jahon | 20:34 / 07.11.2025
8156
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy o‘zining uchinchi, eng zamonaviy aviatashuvchisini foydalanishga topshirdi

«Futszyan» qiruvchi samolyotlarni uchirish uchun Amerikaning «Jyerald Ford» aviatashuvchisidagi kabi uchta elektromagnit katapulta bilan jihozlangan.

Foto: Xinhua

Xitoy o‘zida ishlab chiqilgan va qurilgan uchinchi «Futszyan» aviatashuvchi kemasini rasman foydalanishga topshirdi, deb yozdi Financial Times. Marosimni Xitoy rahbari Si Jinping Xaynan orolida o‘tkazdi.

«Futszyan» qiruvchi samolyotlarni uchirish uchun Amerikaning «Jyerald Ford» aviatashuvchisidagi kabi uchta elektromagnit katapulta bilan jihozlangan. Biroq, yadroviy kuch qurilmasidan foydalanadigan Amerika kemasidan farqli o‘laroq, yangi Xitoy aviatashuvchisi an’anaviy dvigatellarda ishlaydi, bu esa uning harakatlanish masofasini cheklaydi.

Nashrning yozishicha, Pekin SSSRdan buyurtma qilingan birinchi «Lyaonin» aviatashuvchisini 1998 yildayoq sotib olgan va 2012 yilga kelib uni to‘liq qayta jihozlashni yakunladi. Ikkinchi samolyot tashuvchi «Shandun» 2019 yil oxirida foydalanishga topshirilgan. Hozir to‘rtinchi kema qurilmoqda, Xitoyning harbiy rejalari esa yana bir nechta aviatashuvchi kema yaratishni ko‘rsatmoqda.

Si Jinping Xitoy armiyasini 2035 yilgacha to‘liq modernizatsiya qilishni va 2049 yilgacha uni «jahon harbiy kuchiga» aylantirishni buyurgan. Xitoy aviatashuvchilarga milliy qudratning asosiy ramzi va Amerikaning G‘arbiy Tinch okeanidagi hukmronligiga qarshi kurash vositasi sifatida qaraydi. Joriy yilning iyul oyida armiya birinchi marta o‘z qirg‘oqlaridan ancha uzoqda bir vaqtning o‘zida ikkita aviatashuvchi bilan operatsiyalarni amalga oshirdi.

Qayd etilishicha, aviatashuvchi aviatsiya sohasida AQSh harbiy-dengiz kuchlaridan sezilarli darajada ortda qolishiga qaramay, Pekin so‘nggi yillarda qiruvchi samolyotlarni o‘z kemalari palubasidan uchirish sur’atini keskin oshirmoqda. Shu bilan birga, harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, zamonaviy texnologiyalar, jumladan, jangovar dronlar va kemaga qarshi raketalar aviatashuvchilarni yanada zaifroq qiladi, biroq Xitoy ularni o‘z harbiy-strategik ambitsiyalari uchun hayotiy muhim deb hisoblaydi.

Mavzuga oid