Jahon | 15:12 / 07.11.2025
2035
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Rossiya fuqarolari uchun viza qoidalarini yanada qat’iylashtirmoqda

Bryussel tafsilotlarni oshkor etmadi, biroq ko‘p marotabalik vizalar bo‘yicha umumiy qoidalarni qat’iylashtirishi mumkinligini bildirdi. YeI darajasida to‘liq taqiq imkonsiz, qarorlar asosan milliy konsulxonalar vakolatida qoladi.

Foto: Alicia Windzio | dpa/picture-alliance / Scanpix

Yevropa komissiyasi RF fuqarolariga viza berishning yangi qoidalarini joriy etishni muhokama qilmoqda. Buni 6 noyabr kuni Bryusseldagi brifingda idoraning rasmiy vakili Markus Lammert tasdiqladi.

“Biz hech qachon sizib chiqqan ma’lumotlarga izoh bermaymiz. Lekin qo‘shimcha choralarni ko‘rib chiqayotganimizni va buni YeIga a’zo davlatlar bilan yaqin hamkorlikda qilayotganimizni tasdiqlayman. Qo‘shimcha ma’lumot borasida esa keyingi qarorlarni kuzatib borishingizni so‘rayman”, — dedi Lammert.

DW muxbiri savoliga javoban u viza berishni to‘liq taqiqlash Yevrokomissiya vakolatiga kirmasligini va butun blok miqyosida mumkin emasligini aniqlashtirib o‘tdi.

“Viza berish va har bir arizani ko‘rib chiqish — a’zo davlatlar vakolati. Biroq Yevropa komissiyasi zarurat tug‘ilganda, masalan, ko‘p marotabalik vizalar bo‘yicha, barcha Shengen konsulxonalari uchun majburiy bo‘ladigan tarzda yumshoqroq yoki qat’iyroq belgilashi mumkin — muayyan mamlakatning migratsiya va xavfsizlik xatarlarini inobatga olgan holda”, — deb qo‘shimcha qildi Markus Lammert.

Bundan avval Politico nashri YeI rossiyaliklarga ko‘p marotabalik shengen vizalari berilishini taqiqlash rejalari borligini xabar qilgan edi. Agar bunday qaror qabul qilinsa, rossiyaliklar faqat bir marotabalik vizalarni olishi mumkin bo‘ladi, deb yozadi nashr uch yevropalik manbaga tayanib. Istisnolar gumanitar sabablar bilan keluvchilar va YeI mamlakati fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslarga taalluqli bo‘ladi. Bu choralar Ukrainada davom etayotgan urush uchun “jazo” sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

2022 yil sentabrda — Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan bir necha oy o‘tib Yevroittifoq Rossiya bilan soddalashtirilgan viza tartibini to‘xtatdi. Natijada viza boji 35 yevrodan 90 yevroga oshdi, arizalar ko‘rib chiqish muddati esa uzaytirildi. Qator Yevropa davlatlari — Polsha, Latviya, Litva, Estoniya va Chexiya rossiyalik fuqarolarga turistik vizalar berilishini butunlay to‘xtatdi.

Bu cheklovlar va boshqa sanksiyalar YeIga kelayotgan rossiyaliklar sonini bir necha baravarga qisqartirdi. 2024 yilda Ittifoq mamlakatlariga taxminan 541 ming rossiyalik kelgan, 2023 yilda — 517 ming, urushdan oldingi 2021 yilda esa — 4 milliondan ortiq. 2024 yilda rossiyaliklarga shengen vizalarining aksariyat qismini YeIning janubiy mamlakatlari berdi: Italiya (152 mingdan ko‘p), Fransiya (124 ming), Ispaniya (111 ming) va Gretsiya (deyarli 60 ming). Politico’ga ko‘ra, yetakchilar qatorida Vengriya ham bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid