Jahon | 07:15 / 08.11.2025
26193
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda dunyodagi eng boy mamlakatlar reytingi

Bugungi kunda dunyoda aholi jon boshiga daromad darajasi bo‘yicha eng ta’minlangan o‘n mamlakatning yettitasi Yevropada joylashgan. Ularni aholi sonining nisbatan kamligi va rivojlangan ijtimoiy ta’minot tizimlari birlashtirib turadi.

Foto: AP

Mamlakat boyligini o‘lchash oson emas, ammo keng qo‘llanadigan ko‘rsatkichlardan biri — YaIMning jon boshiga to‘g‘ri keluvchi miqdori. U mamlakat iqtisodiyoti umumiy hajmining aholi soniga nisbatidir.

Infografikada 2025 yilda jon boshiga YaIM eng yuqori bo‘lgan davlatlar keltirilgan (Xalqaro valuta jamg‘armasi — IMF'ning 2025 yil oktyabr oyidagi «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» yangilangan ma’lumotlari asosida).

Birinchi o‘rinda — Lixtenshteyn: bu yerda jon boshiga YaIM 231 713 AQSh dollariga yetadi. Bu natija katta darajada mamlakat ishchi kuchi­ning taxminan 60 foizi chegaradan har kuni kirib-chiqadigan mehnat migrantlaridan iborat ekani bilan izohlanadi — bu esa o‘rtacha daromad ko‘rsatkichini sun’iy ravishda oshiradi. O‘xshash vaziyat ikkinchi o‘rinni egallagan Lyuksemburgda ham kuzatiladi.

Uchinchi o‘rinda — Irlandiya: ko‘rsatkich 129 132 AQSh dollari. Ko‘plab texnologik gigantlar — Google’dan tortib Meta’gacha — Irlandiyada o‘zining Yevropa shtab-kvartiralarini joylashtirgan, mamlakatning qulay soliq siyosati jon boshiga YaIM o‘sishiga hissa qo‘shadi.

Keyingi o‘rinlarda Shveytsariya, Islandiya va Singapur bor. Ulardagi ko‘rsatkichlar imtiyozli soliqlar yoki ommaviy chet el ishchilari oqimiga emas, balki aholining haqiqiy yuqori daromadlariga tayanadi. Ayniqsa, Singapur e’tiborga loyiq: 1980 yildan beri o‘rtacha daromad 19 barobarga oshgan — shahar-davlat moliya va savdoning dunyodagi yetakchi markazlaridan biriga aylangani tufayli.

Mavzuga oid