Jahon | 13:15 / 08.11.2025
1743
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik o‘qituvchilar ChatGPT’dan bepul foydalanishadi

Qozog‘iston hukumati va OpenAI kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, qozog‘istonlik pedagoglarga uch yil davomida har yili kamida 165 ming ChatGPT Edu litsenziyasi beriladi.

Foto: gov.kz

Qozog‘iston hukumati va OpenAI kompaniyasi ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.

Ushbu kelishuv orqali raqamlashtirish va innovatsion ta’lim yechimlarini joriy etish sohasida uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratilishi ta’kidlanyapti.

Hujjat qozog‘istonlik pedagoglarga uch yil davomida har yili kamida 165 ming ChatGPT Edu litsenziyasini berishni nazarda tutgan. ChatGPT’ning maxsus versiyasi ta’lim muassasalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sun’iy intellektga asoslangan vositalar yordamida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan.

«Butun dunyo bo‘ylab o‘qituvchilar ma’muriy vazifalarni kamaytirish orqali o‘quvchilarni o‘qitish hamda rivojlantirishga ko‘proq vaqt ajratish uchun sun’iy intellektdan foydalanmoqda. To‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bilan o‘qituvchilar sun’iy intellektni o‘quv jarayonida samarali tarzda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qozog‘iston hukumati bilan kelishuvimiz mahalliy o‘qituvchilarga ChatGPT’dan foydalanishga va butun mamlakat bo‘ylab maktablarga sun’iy intellekt afzalliklarini joriy etishga yordam beradi», deya ta’kidlagan OpenAI GTM ta’lim va davlat dasturlari yo‘nalishi rahbari Kevin Mils.  

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid