Jahon | 15:30 / 08.11.2025
4066
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari Rossiyaning ikki viloyatidagi podstansiyalarga hujum qildi

Ukraina Qurolli kuchlarining dronlari 8 noyabr kuni Volgograd va Vologda viloyatlaridagi energetik podstansiyalarga zarbalar berdi, deb xabar berdi mintaqaviy hokimiyatlar. Volgograd viloyatida hujumlar natijasida bir nechta aholi punktlari elektr ta’minotisiz qolgan. Boshqa oqibatlar hozircha ochiqlanmagan.

Foto: Hanna Sokolova-Stekh/DW

Vologda viloyatida mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, o‘rnatilgan quvvati 3 gigavolt-amper bo‘lgan “Belozerskaya” podstansiyasiga hujum qilingan. U hududdagi eng yirik ta’minot markazi hisoblanadi va Vologda, Cherepovets hamda yaqindagi sanoat korxonalarini elektr bilan ta’minlaydi.

Volgograd viloyatida hujum nishoni 1523 megavolt-amper quvvatga ega “Balashovskaya LEP” podstansiyasi bo‘ldi. U Voljskaya GESdan Rossiyaning markaziy mintaqalariga elektr energiyasini uzatishni ta’minlaydi va rasmiylarga ko‘ra, oxirgi bir oy ichida ikkinchi marta hujumga uchradi.

“Qurilish-ta’mirlash xizmatlari ‘Balashovskaya LEP’ podstansiyasiga tutash aholi punktlarida — Kikvidzen, Uryupin, Novonikolayev va Novoannin tumanlarida elektr ta’minotini tiklamoqda”, — deb yozdi Volgograd viloyati gubernatori Andrey Bocharov Telegram’da.

So‘nggi haftalarda Ukraina energetika obektlariga Rossiyaning dronlar va raketalar bilan amalga oshirayotgan uzluksiz hujumlariga javoban, RF hududidagi energetik infratuzilmaga zarbalarni kuchaytirdi. Bu Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ukrain raketalaridan foydalanib hujumlar geografiyasini kengaytirish niyati haqidagi bayonotidan keyinga to‘g‘ri keldi. Biroq, so‘nggi hujumlarda raketalar ishlatilgan-ishlatilmagani noma’lum.

Saratov shahrida, gubernator Roman Busargin ma’lumotiga ko‘ra, dron hujumi oqibatida ko‘p qavatli uy va bir nechta avtomobil zarar ko‘rgan. Ikki kishi o‘rta darajada jarohat olgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ertalab mamlakatning yetti mintaqasi ustida 82 ta ukrain droni tutib olinganini xabar qildi. Vologda viloyati ushbu mintaqalar qatorida tilga olinmadi. Nechta dron nishonga urilgani ma’lum qilinmagan.

Mavzuga oid