Ko‘chmas mulk | 15:06 / 10.11.2025
8413
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda hujjatlari bekor qilingan ko‘p qavatli uylar sotilmoqda

Samarqand tumanida 16 ta ko‘p qavatli uydan iborat “Yangi maskan” turar joy majmuasi shaharsozlik hujjatlari bekor qilingan. Sud va mutasaddi idoralar bu obektni noqonuniy deb topganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda hali ham xonadonlar sotuviga oid reklama va e’lonlar tarqalmoqda.

Foto: Isomiddin Po‘latov

Samarqand tumani, O‘zbekkent mahallasida joylashgan “Yangi maskan” turar joy majmuasi 16 ta ko‘p qavatli uydan iborat bo‘lib, dastlab uning loyihaviy hujjatlari qurilish va shaharsozlik me’yorlariga zid ekani aniqlangan.

Mazkur holat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi shaharsozlik sohasidagi nizolarni sudga qadar ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan o‘rganilib, natijada shaharsozlik hujjatlari bekor qilingan.

Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini ham bu masala yuzasidan norozilik bildirib, sudga murojaat qilgan.

Samarqand viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ish ko‘rib chiqilib, “Yangi maskan” turar joy majmuasiga oid shaharsozlik hujjatlari haqiqiy emas, deb topilgan.

Shunga qaramay ijtimoiy tarmoqlarda ushbu manzildagi obekt haqida xonadonlarni sotishga qaratilgan reklama va turli e’lonlar tarqatish holatlari hali ham kuzatilmoqda.

Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hujjatlari bekor qilingan obektlarga oid reklama va e’lonlarga ishonish - kelgusida sarsongarchilik va moddiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda qonuniy qurilayotgan turar joy obektlarida QR-kodli elektron pasport tizimi joriy etilgan. Fuqarolar telefon orqali QR-kodni skaner qilib, obekt haqida to‘liq va ishonchli ma’lumot olishlari mumkin. QR-kod mavjud bo‘lmasa yoki u haqdagi ma’lumotlar mos kelmasa, bu obektning noqonuniy ekanidan darak beradi.

Shu munosabat bilan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga amal qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tegishli davlat idoralaridan mazkur holatga alohida e’tibor qaratish so‘ralgan.

Mavzuga oid