Jahon | 15:11 / 11.11.2025
4782
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklarning sim-kartasi xorijdan qaytganidan so‘ng bloklanyapti

Rossiyaliklarning sim-kartalari xalqaro roumingda bo‘lgani yoki 72 soat davomida foydalanilmagani holatida bir sutkaga mobil internet va SMS o‘chiriladi.

Foto: Aquarius Studio/Shutterstock/FOTODOM

Rossiyada «sovitish davri» sinov tartibida ish boshladi. Unga ko‘ra, chet eldan qaytgan fuqarolarning mobil interneti va SMS yuborish imkoniyati bir sutkaga bloklanadi. Bu haqda RF Raqamli rivojlanish vazirligi 10 noyabr kuni xabar berdi va chora dronlarga qarshi kurash maqsadida joriy etilganini tushuntirdi.

«Sim-karta xorijdan Rossiya hududiga kirganda, u inson tomonidan qo‘llanayotgani, dronga o‘rnatilmagani tasdiqlanishi kerak. Shu tasdiqqacha ushbu sim-kartada mobil internet va SMS vaqtincha bloklanadi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar boshqa mamlakatdan RFga qaytgan yoki sim-kartasidan 72 soat foydalanmagan rossiyalik abonentlarga taalluqli. Ularda mobil internet va SMS 24 soatga o‘chiriladi. Bloklash haqida xabar SMS orqali yuborilishi kerak.

Internet va SMSdan foydalanishni tiklash uchun abonent mobil operator yuborgan havola orqali avtorizatsiyadan o‘tishi lozim. Shuningdek, koll-markazga qo‘ng‘iroq qilib, telefon orqali identifikatsiyadan o‘tib cheklovni olib tashlash imkoni ham mavjudligi qayd etilgan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, bunday choralar «xavfsizlikni ta’minlash va uchuvchisiz uchish apparatlaridan himoyalanish» uchun joriy etilgan, chunki sim-kartalar dron ichida bo‘lishi va ularning navigatsiyasi uchun ishlatilishi mumkin.

«Kod Durova» va «Vyorstka» nashrlarining yozishicha, mijozlariga bloklash haqida ogohlantirishlarni «Megafon» va «Bilayn» yuborishni boshlagan. Shu bilan birga, «Vyorstka»ning qayd etishicha, cheklovni bekor qilish uchun «Bilayn» havolasi ishlamayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid