Jahon | 09:22 / 12.11.2025
4705
3 daqiqa o‘qiladi

Dominikan Respublikasi svetsiz qoldi

Karib dengizidagi, aholisi 11 milliondan ortiq bo‘lgan ushbu orol davlati elektr uzatish tizimidagi avariya tufayli yorug‘liksiz qoldi. Energetiklar elektr ta’minotini tiklamoqda.

Foto: Rosa Muñoz Lima/DW

Dominikan Respublikasida — Karib dengizidagi, aholisi 11 milliondan ortiq bo‘lgan orol mamlakatida 11 noyabr kuni keng ko‘lamli elektr ta’minoti o‘chishi ro‘y berdi. AP agentligi xabar qilishicha, mamlakat rasmiylari blekaut sababini elektr uzatish tizimidagi avariya deb atadi. Birinchi bo‘lib San-Pedro-de-Makoris shahridagi elektr stansiyasi o‘chgan, bu esa mamlakat bo‘ylab elektr stansiyalari va podstansiyalarining zanjirli tarzda o‘chishiga olib kelgan. Ilk avariyaga nimalar sabab bo‘lgani hozircha noaniq.

Reuters yozishicha, blekaut ayniqsa poytaxt Santo-Domingo va mashhur dengiz kurorti Punta-Kanaga qattiq ta’sir ko‘rsatdi, biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mamlakatning boshqa hududlarida ham elektr o‘chishi haqida xabar bergan. Blekaut Santo-Domingodagi jamoat transporti, jumladan kanat yo‘llari va metro ishini izdan chiqardi. Shifoxonalar, banklar va boshqa yirik muassasalar generatorlardan elektr olishga o‘tdi, ko‘plab turar joy uylari va kichik bizneslar mutlaqo yorug‘liksiz qoldi.

Kechga borib Dominikan Respublikasida elektr ta’minoti tiklana boshladi. «Hozir biz 527 megavattdan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaryapmiz, bu milliy talabning 15 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi, tizimni barqarorlashtirar ekanmiz, bu raqam o‘sishda davom etadi», — dedi mamlakat energetika vaziri Xoel Santos Echavarriya.

Oktyabr oxirida Dominikan Respublikasi yana bir nechta Karib mamlakatlari — Kuba, Yamayka, Haiti va Bagama orollari bilan birga vayronkor «Melissa» to‘fonidan jabr ko‘rdi. USA Today’ga ko‘ra, Dominikan Respublikasida tabiat ofati oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Umuman, «Melissa» mintaqada 50 dan ortiq inson hayotiga zomin bo‘ldi, keng ko‘lamli suv toshqinlari va ko‘chkilarni keltirib chiqardi.

Bundan tashqari, 8 aprel kechasi Santo-Domingodagi Jet Set tungi klubida konsert paytida tom qulashi 222 kishining o‘limiga olib keldi. Mamlakat prezidenti Luis Abinader uch kunlik milliy motam e’lon qildi. Hokimiyat fojia sabablarini tekshirishni va’da qildi.

Mavzuga oid