Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘lim jazosi qayta kun tartibida: Knesset «terrorizm»ga doir tuzatishni ma’qulladi
Knesset deputatlari irqchilik yoki jamiyatga nisbatan nafrat motivi bilan sodir etilgan qotillik uchun hukm qilingan «terroristlar»ga nisbatan o‘lim jazosini nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksiga tuzatishni birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.
Isroil parlamenti 10 noyabr kuni kechqurun terrorizm uchun hukm qilinganlarga o‘lim jazosini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatni 39 deputat qo‘llab-quvvatladi, 16 nafar esa qarshi chiqdi.
O‘ta o‘ng «Otsma Yyehudit» («Yahudiy kuchi») partiyasi vakili Limor Son Xar-Melex tashabbusi bilan kiritilgan qonun loyihasi parlament tomonidan to‘liq ma’qullanishi uchun yana ikkinchi va uchinchi o‘qishdan o‘tishi lozim. AFP agentligi qayd etganidek, Jinoyat kodeksiga tuzatish falastinlik fuqaro isroillik shaxsni o‘ldirgan taqdirda o‘lim jazosini tayinlash imkonini nazarda tutadi, ammo isroillik falastinlikni o‘ldirgan holatda bunday chora ko‘zda tutilmagan.
Qonun loyihasiga izohda uning maqsadi «terrorizmni ildizi bilan bartaraf etish» va «kuchli tiyib turuvchi omil»ni ta’minlash ekani qayd etilgan. Hujjatda, shuningdek, irqchilik yoki jamiyatga nisbatan nafrat motivi bilan qotillik sodir etgan «terrorist» kelgusida «albatta» o‘lim jazosi bilan jazolanishi lozimligi yozilgan. Bundan tashqari, Isroil davlatiga «ziyon yetkazish niyati» bilan amalga oshirilgan qilmishlar uchun ham eng oliy jazo tayinlanadi.
Oldingi haftada qonunchilik tashabbusi Knessetning milliy xavfsizlik bo‘yicha komissiyasi tomonidan ma’qullangan edi. «Degel xa-Tora» ultraortodoks partiyasi rahbari Dov Lando unga qarshi chiqib, tashabbusni «provokatsiya uchun provokatsiya» deb atadi.
Isroil qonunchiligi ayrim jinoyatlar uchun o‘lim jazosini nazarda tutsa-da, u so‘nggi marta 1962 yilda qo‘llangan: sud qaroriga binoan Quddusda Yevropadagi yahudiylarni «o‘lim lagerlari»ga deportatsiya qilishni tashkil etgan asosiy shaxslardan biri — natsist Adolf Eyxman dorga osilgan.
2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS jangchilarining Isroilga hujumi Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuvida bosh nuqta bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari berib, uning hududiga kirib borgan va taxminan 1200 kishini o‘ldirgan. Shuningdek, 250 shaxs garovga olingan va G‘azo sektoriga olib ketilgan. Keyinchalik ayrimlari almashinuv orqali qaytarilgan, bir qismining halok bo‘lgani ma’lum qilingan.
Isroil esa o‘z navbatida HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Quruqlikdagi operatsiya va G‘azoga berilgan havo zarbalari natijasida 68 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘lgani, yana 170 mingdan ortig‘i yaralangan.
2025 yil oktyabr oyida Isroil va HAMAS AQSh prezidenti Donald Tramp vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
Mavzuga oid
17:00 / 31.03.2026
Isroil parlamenti «terrorizm»da ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi kiritdi
13:14 / 18.11.2025
Rossiyada sobiq bosh vazir Kasyanov "terrorchilar" ro‘yxatiga kiritildi
12:00 / 02.10.2025
Germaniya terrorizm va josuslikka qarshi qonunlarni kuchaytiradi
18:28 / 26.07.2025