O‘zbekiston | 08:47 / 12.11.2025
1706
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi: «Toshkentda 9 ming lift nosoz» degan xabarlar asossiz

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Toshkentda 9 mingdan ortiq liftlarda nosozlik aniqlangani haqidagi da’volarni rad etdi. Vazirlikka ko‘ra, texnik ko‘rik davomida qayd etiladigan kamchiliklar lift «nosoz» degani emas, balki profilaktik nazorat jarayonining bir qismi.

Foto: Vladimir Fedorenko/RIA Novosti

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha 5 491 ta ko‘p kvartirali uyda jami 13 798 ta lift uskuna bor: shundan 12 987 tasi — yo‘lovchi, 811 tasi — yuk lifti.

Toshkent shahrida esa 3 245 ta ko‘p kvartirali uyda 9 144 ta lift mavjud. Ularning 1 835 tasining ekspluatatsiya muddati tugagan bo‘lib, Hukumatning 2025 yil 17 fevraldagi 98-son qaroriga muvofiq 2025–2028 yillarda bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Joriy yilda 452 ta liftni yangilash ishlari yakunlanmoqda.

Vazirlik ta’kidlashicha, tegishli qarorlarga muvofiq mamlakatdagi barcha liftlar har yili majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rikda aniqlanadigan kamchiliklar — xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tezkor bartaraf etiladigan texnik vazifalar bo‘lib, ularni «ommaviy nosozlik» sifatida talqin qilish noto‘g‘ri.

Qurilish vazirligi liftlar ekspluatatsiyasi bo‘yicha doimiy monitoring olib borishini, sohani rivojlantirish va mavjud muammolarning oldini olishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid