Jahon | 09:02 / 13.11.2025
1889
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya: deputatlar pensiya islohotini muzlatishni ma’qulladi

Fransiya Milliy majlisi pensiya islohotini to‘xtatib turish uchun ovoz berdi. Shu tariqa, bosh vazir Sebasten Lekornyu hukumati ishonchsizlik votumining oldini olish uchun muxolifatdagi sotsialistlar qo‘ygan shartni bajardi.

Foto: Julien Mattia/ZUMAPRESS.com/Scanpix

Fransiya parlamentining quyi palatasi — Milliy majlis 12 noyabr kuni pensiya islohotini to‘xtatishga ovoz berdi. Qarorni 255 deputat qo‘llab-quvvatladi, 146 nafari qarshi chiqdi.

Deputatlar qabul qilgan tuzatishga ko‘ra, Fransiyada pensiya yoshi 2027 yildagi prezident saylovlarigacha 62 yosh-u 9 oy darajasida qoladi va prezident Emmanyuel Makron rejalashtirganidek 64 yoshga oshirilmaydi. «Uch yarim million fransuz pensiyaga ertaroq chiqishi mumkin bo‘ladi», — dedi sotsialist deputat Melani Tomin.

Hukumat hisob-kitobicha, bunday yondashuv 2026 yili budjetga 400 mln yevro, 2027 yili esa 1,8 mlrd yevrogacha tushadi. Endi deputatlar pensiya islohotini muzlatishni moliyalashtirish uchun umumiy ijtimoiy badal (CSG)ni oshirish masalasini muhokama qilishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, qarorni Fransiya parlamentining yuqori palatasi — Senat ham tasdiqlashi lozim.

Fransiya bosh vaziri Sebasten Lekornyu Milliy majlisga pensiya islohotini 14 oktyabr kuni to‘xtatib turishni taklif etgan, bu Makron uni qaytadan hukumat rahbari etib tayinlaganidan keyin sodir bo‘ldi. Mazkur «muzlatish» sotsialistlarning asosiy talablaridan biri edi — Lekornyuga ishonchsizlik votumining oldini olish va 2026 yil budjeti loyihasini parlamentdan o‘tkazish uchun ularning ovozlari zarur, bu ishni avvalroq Fransua Bayru uddalay olmagan.

Emmanyuel Makron pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirish to‘g‘risidagi qonunni 2023 yil aprelida imzolagandi. Prezident buni pensiya jamg‘armasidagi katta taqchillik bilan izohlagan. Qonun Konstitutsiyaning 49.3-moddasi asosida — parlamentda muhokama va ovoz berishsiz qabul qilingan.

So‘rovnomalarga ko‘ra, fransuzlarning ko‘pchiligi islohotni rad etgan, Makron qonunni imzolaganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab ommaviy namoyishlar o‘tgan.

Parlamentni chetlab o‘tib qonun qabul qilish uchun 49.3-moddadan foydalanishni to‘xtatish — sotsialistlar Lekornyu oldiga qo‘ygan ikkinchi shart bo‘lib, bosh vazir bu talabni ham bajarishga va’da bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid