Jahon | 19:12 / 13.11.2025
3305
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston – Markaziy Osiyoda internet qisman erkin bo‘lgan yagona davlat

Dunyoda internetdagi erkinlik darajasi ketma-ket 15 yil pasaymoqda, Markaziy Osiyo mamlakatlari esa reytingda hamon «qisman erkin» va «erkin bo‘lmagan» toifada qolmoqda.

Foto: RBK

Freedom House xalqaro nodavlat inson huquqlari tashkiloti internet erkinligi bo‘yicha navbatdagi hisobotini (.pdf) taqdim etdi. Unga ko‘ra, dunyoda internetdagi erkinlik darajasi ketma-ket 15 yil pasaymoqda, Markaziy Osiyo mamlakatlari esa reytingda hamon «qisman erkin» va «erkin bo‘lmagan» toifada qolmoqda.

Mintaqada Qirg‘iziston 100 balldan 47 ball to‘plab, «qisman erkin» internetga ega davlatlar qatoriga kiritilgan.

Qayd etilishicha, Qirg‘izistonda erkin onlayn muhitga kirish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Ekspertlar saytlar va ijtimoiy tarmoqlarning vaqti-vaqti bilan bloklanishi, mustaqil ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalarga bosim o‘tkazilishi, davlat organlari tomonidan nazoratning kuchaytirilishi, shuningdek, jurnalistlar va faollar uchun jinoiy javobgarlikka tortish xavfi mavjudligini ta’kidlamoqda. Konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan so‘ng siyosiy hokimiyat tobora ko‘proq ijro etuvchi tuzilmalar qo‘lida to‘planib borayotgani, bu esa demokratiya darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani alohida ta’kidlangan.

Qozog‘iston erkin bo‘lmagan onlayn muhitga ega davlat sifatida 37 ball oldi. Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham erkin internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan davlatlar toifasiga kiritildi.

Freedom House eslatishicha, axborotdan foydalanish va foydalanuvchilarning himoyalanganligi demokratik jarayonlarni rivojlantirishning asosiy omillaridir. Tashkilotning fikricha, Qirg‘iziston bloklash amaliyotini qisqartirishi, so‘z erkinligi bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishda sudlarning mustaqilligini ta’minlashi, internet qonunchiligini qayta ko‘rib chiqishi va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Freedom House hisoboti 70 mamlakatda internet erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni baholaydi va raqamli huquqlar holatining asosiy xalqaro ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid