Jahon | 15:02 / 13.11.2025
1505
3 daqiqa o‘qiladi

RFda fuqarolarga o‘ziga yirik bank o‘tkazmalarini amalga oshirish taqiqlanadi

RF Markaziy banki mijozlarning o‘z hisobiga (o‘ziga) yirik summada pul o‘tkazishini banklar tomonidan bloklashni majburiy qilishni rejalashtirmoqda. Bunday o‘tkazmalar aldov (frod) operatsiyalari mezonlari ro‘yxatiga kiritiladi, deb xabar berdi Rossiya Banki.

Foto: RIA Novosti / Mariya Devaxina

Rossiya Markaziy banki tezkor to‘lovlar tizimi (SBP) orqali o‘ziga yirik summada bank o‘tkazmalarini firibgarlik deb hisoblaydi. Bu harakatlar tegishli ro‘yxatga kiritiladi, deya RIA «Novosti»ga 12 noyabr kuni bergan intervyusida Rossiya Bankining axborot xavfsizligi departamenti direktori Vadim Uvarov ma’lum qildi.

U mamlakatda ommalashgan sxema haqida eslatdi: jinoyatchilar odamlarni boshqa bankdagi hisobidan SBP orqali «o‘ziga» pul o‘tkazishga ishontiradi. «Pul bir hisobda to‘planganda o‘g‘irlash osonroq, ayniqsa firibgarlar unga kirish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa. Shuning uchun SBP orqali fuqaro tomonidan o‘ziga yirik o‘tkazmalarni frod belgilarining yangilangan ro‘yxatiga kiritishni rejalashtiryapmiz», — dedi Uvarov.

Bunday operatsiyalar shu kunning o‘zida «o‘ziga» o‘tkazma qilgandan keyin yarim yil mobaynida hech narsa jo‘natilmagan shaxsga pul o‘tkazishga urinish holatlarida ham inobatga olinadi.

Hozirda (2024 yil yozida yangilangan) frod alomatlari ro‘yxatida olti band bor. Jumladan: oldin firibgarlik amalga oshirilgan hisoblarga o‘tkazmalar, qabul qiluvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, tashqi tashkilotlardan kelgan gumonli operatsiyalar haqidagi ma’lumot (masalan, mijozga xos bo‘lmagan telefon faolligi yoki yangi raqamlardan kiruvchi qo‘ng‘iroqlar sonining o‘sishi).

Yana bir mezon — Markaziy bankning firibgarlar hisoblari bazasidagi hisoblarga pul jo‘natish, mijozning odatiy fe’l-atvoriga to‘g‘ri kelmaydigan operatsiya (summa, davriylik, vaqt va joy bo‘yicha), shuningdek, avval jinoyatchilar foydalangan qurilma orqali operatsiya o‘tkazishga urinish. Sanab o‘tilgan holatlarda bank operatsiyani bloklashi shart. Yangilangan frod belgilari kiritilgan buyruq «yaqin vaqt ichida» e’lon qilinadi, dedi Uvarov.

Telefon firibgarlariga qarshi kurash sababi bilan RF hokimiyati telekom sohasida bir qator taqiq va cheklovlarni joriy etdi. Jumladan, joriy yil avgust oyida WhatsApp va Telegram messenjerlaridagi qo‘ng‘iroqlar cheklandi. Oktyabrda esa Davlat Dumada statsionar telefonlarda xalqaro qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash taklifi ilgari surildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid