Jahon | 15:59 / 13.11.2025
2878
3 daqiqa o‘qiladi

Serbiya prezidenti: Yevropaning RF bilan urushi tobora yaqqol bo‘lib boryapti

Yevropadagi barcha Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb hisoblaydi Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich. Unga ko‘ra, shunday sharoitda Serbiya «ikki o‘t orasida» qolgan.

Foto: AP

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 11 noyabr kuni Pink telekanaliga bergan intervyusida, Fransiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Faben Mandonning yaqindagi bayonoti haqidagi savolga javob berar ekan, Yevropadagi davlatlar Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanayotganini aytdi. «Faktlarni tahlil qilar ekanman, Yevropa bilan Rossiya o‘rtasidagi urush tobora yaqqollashib borayotgani haqidagi xulosaga kelyapman. Bu shunchaki gap emas. Hamma shunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Buni juda mas’uliyatli general aytdi», — dedi Vuchich.

Voqealar rivoji fonida Serbiya «ikki o‘t orasida» qolgan, shu bois u «biroz chetda turishi» kerak, deb hisoblaydi serb yetakchisi. «Boshqa tomondan, armiyamizni mustahkamlashni davom ettirishimiz shart. Qurollanyapmiz. Mamlakatimiz himoyasiga katta mablag‘ sarflashni davom ettirish kerak», — deb qo‘shimcha qildi u.

1 sentabrdan buyon Fransiya Bosh shtabiga rahbarlik qilayotgan Faben Mandon 22 oktyabr kuni «Qurolli kuchlarga qo‘ygan birinchi vazifam — uch-to‘rt yil ichida to‘qnashuvga tayyor bo‘lish», deb bayonot berdi. «Rossiya — bu qit’amizda urushni davom ettirish vasvasasiga berilishi mumkin bo‘lgan mamlakat, bu mening tayyorgarligimda hal qiluvchi omil», — deya keltirgan uning so‘zlarini Le Monde gazetasi.

Moskva «Yevropaning jamoaviy zaifligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilmoqda», dedi Mandon. Shu bilan birga, u Rossiyaning «kuch qo‘llashda erkin» ekanini ta’kidladi. Biroq yevropaliklar RFdan «iqtisodiy, demografik va sanoat nuqtai nazaridan ustun», shu bois «ishonchli bo‘lish uchun barcha asoslar mavjud», dedi u.

Avvalroq Fransiya qurolli kuchlari vaziri Katrin Votren mamlakatning 2026 yil uchun mudofaa budjeti 57,1 mlrd yevrogacha oshirilishini aytgan edi — bu yalpi ichki mahsulotning 2,2 foiziga teng va 2025 yil uchun rejalashtirilgan mablag‘dan 13 foizga ko‘p.

Mavzuga oid