Jahon | 17:15 / 14.11.2025
2193
6 daqiqa o‘qiladi

Germaniya qo‘shinlari sonini oshirmoqda: yangi harbiy xizmat rejasi qabul qilindi

Germaniyada harbiy majburiyat ixtiyoriyligicha qolganiga qaramay, endi 18 yoshga to‘lgan barcha yigitlar «xizmatga tayyorlik» anketasini to‘ldirishi kerak. Zarur vaqtlarda, shu asosida «majburiy harbiy xizmat» joriy etiladi. Germaniya NATO talablariga ko‘ra, umumiy harbiylari sonini 180 mingdan 260 ming kishiga oshirishni reja qilgan.

Foto: Getty Images

Germaniyada Ijtimoiy-demokratik partiyaning markaz-chap qanotiga mansub mudofaa vaziri Boris Pistorius yangi ixtiyoriy harbiy xizmatni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

«Boshqa Yevropa davlatlari, ayniqsa shimoldagilar, ixtiyoriy xizmat tamoyili jozibadorlik bilan uyg‘unlashganda ishlashini ko‘rsatdi. Men Germaniyada ham shunday bo‘lishini kutaman», dedi u. Uning aytishicha, «arizachilar soni ko‘paymoqda, yollash ko‘rsatkichlari oshmoqda». Maqsad – 2026 yilga borib 20 000 yangi ko‘ngillilarni jalb qilish. Ular soliqlardan tashqari 2,6 ming yevrodan oylik maosh oladi.

Bu qaror – Berlin Yevropaning eng kuchli an’anaviy armiyasini yaratishga intilayotgan bir paytda qabul qilindi. Qonunchilar ushbu rejani 2025 yil oxiriga qadar ovozga qo‘yishlari kutilmoqda.

Harbiy xizmat ixtiyoriyligicha qoldi, lekin..

DW nashrining yozishicha, hukmron partiyalar so‘nggi oylarda qurolli kuchlar Germaniyaning mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli ko‘ngillilarni yollay oladimi, degan masalada kelisholmay kelgan.

Boshqa partiyalar majburiy harbiy xizmatni yoqlaganda, sotsial-demokratlar buni qat’iyan rad etishdi. Endi partiyalar murosaga erishdi. Agar ko‘ngillilar soni yetarli bo‘lmasa, Bundestag ma’lum miqdordagi yigitlar uchun «talab asosidagi majburiy harbiy xizmat»ni joriy etadi.

Germaniyada harbiy xizmat ixtiyoriyligicha qolayotgan bo‘lsa-da, endi barcha 18 yoshli yigitlar 2026 yildan boshlab «xizmatga tayyorlik deklaratsiyasi» deb ataladigan anketalarni to‘ldirishga majbur bo‘ladi. Ular jismoniy tayyorgarligi va qurolli kuchlarda xizmat qilish istagi haqidagi savollarga javob berishlari kerak.

Amalda barcha 18 yoshdagilar so‘rovnoma havolasiga ega QR-kod oladi. Har yili taxminan 300 000 yigit ushbu tartibga tushadi. Mudofaa vazirining fikricha, ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda kim chaqirilishi mumkinligini Bundesver faqat shu yo‘l bilan bilib oladi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers (o‘ngda) va mudofaa vaziri Boris Pistorius Bundesver askarlari bilan.
Foto: Maykl Kappeler / DPA

Ayollar ham anketani to‘ldirish va Bundesverda xizmat qilish istagini bildirishlari mumkin. Ammo bu ular uchun majburiy emas, chunki Germaniya Asosiy qonuniga ko‘ra armiyaga faqat erkaklar chaqirilishi mumkin.

Nima uchun harbiylar soni oshirilmoqda?

BBC nashriga ko‘ra, Bundesver hozirda taxminan 182 ming askarga ega. Yangi harbiy xizmat modeli bu sonni kelasi yil ichida 20 mingga oshirishni, keyingi 10 yil ichida esa NATO talablari asosida 255–260 minggacha yetkazishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, armiyani 200 mingga yaqin zaxira askarlar bilan to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda.

Yil boshida Germaniya mudofaa vazirining harbiy maslahatchisi, bosh qo‘mondon general Karsten Breuer G‘arbiy NATO ittifoqi to‘rt yil ichida mumkin bo‘lgan Rossiya hujumiga tayyor bo‘lishi kerakligi haqida ogohlantirgan edi.

Bundan tashqari, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Fridrix Mers Germaniya mudofaasi uchun yangi qoida – «endi nima bo‘lsa ham bajariladi», bo‘lishi kerakligini e’lon qildi.

Germaniyada sovuq urush tugagach mudofaa xarajatlari keskin kamaygan, 2011 yilda esa harbiy chaqiruv to‘xtatilgan edi.

Umuman olganda, Yevropada qurollanish bo‘yicha harakatlarga NATO davlatlariga Donald Trampning bosimi asosiy ta’sir qilmoqda.

Sinovdan o‘tayotgan potensial chaqiriluvchilar / Foto: DW

Germaniyaning eng yirik mudofaa kompaniyasi — Rheinmetall rahbari Armin Pappergerning BBCʼga aytishicha, harbiylar sonini ko‘paytirish bo‘yicha rejalar besh yil ichida amalga oshishi mumkin. Shu bilan birga, Yevropaning qayta qurollanish jarayoni kompaniya uchun sezilarli daromad keltirmoqda.

Undan Yevropa sovuq yoki gibrid urush holatida deb hisoblaydimi deb so‘rashganda, u «nima deb atasangiz ham, bu tinch davr emas», deya javob berdi.

Yoshlar bunga qarshi

Ko‘plab nemis yoshlari bundan xavotirda va ularning katta qismi bunga qarshi. Yaqinda Stern jurnali uchun o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning yarmidan biroz ko‘prog‘i majburiy xizmatni yoqlagan. Lekin 18–29 yoshdagilar orasida qarshilik 63 foizga ko‘tarilgan.

«Men urushga borishni xohlamayman, chunki o‘lishni yoki o‘q yeb qo‘yishni xohlamayman», dedi Berlinda yashovchi 17 yoshli o‘quvchi. U va boshqa ko‘plab yoshlar shu hafta Bundestag oldida o‘tkazilgan harbiy chaqiruvga qarshi namoyishda ham qatnashdi.

Uning aytishicha, Germaniyaga hujum — «ehtimoli past va mavhum ssenariy», ammo hukumat «millionlab yoshlarning o‘z hayoti bo‘yicha o‘zi qaror qilish huquqini tortib olmoqchi».

Shu kunlarda Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius aholini tinchlantirishga harakat qilmoqda. U yangi harbiy xizmat rejasiga qaramay «xavotir va qo‘rquvga sabab yo‘q», dedi.

«Qurollanish, tayyorgarlik, shaxsiy tarkib orqali Qurolli kuchlarimizning tiyib turish va mudofaa qobiliyati qanchalik kuchli bo‘lsa, bizning mojarolarga tortilish ehtimolimiz shunchalik kamayadi», deya Pistoriusning so‘zlarini keltirmoqda BBC nashri.

Mavzuga oid