Jahon | 21:52 / 14.11.2025
11593
5 daqiqa o‘qiladi

Lavrov atrofida mish-mishlar: Rossiya bosh diplomati ko‘rinmay qoldi

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Rossiya prezidenti Putinning oxirgi uchrashuvlari davomida uning yonida tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ko‘rinmayapti. Shu bois «Lavrov g‘oyib bo‘ldi», «Lavrov chetlatildi» kabi mish-mishlar ko‘paydi. Rossiya siyosati biz uchun muhim, chunki bu davlatga bog‘liqlik jihatlarimiz ko‘p. Quyida Rossiya bosh diplomati atrofidagi voqealar haqida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rubio bilan suhbatdan keyin

Lavrov atrofida mish-mishlar tarqalishi uning AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan suhbatidan keyin boshlandi. Bu suhbatdan oldinroq Tramp va Putin telefonda gaplashib, ko‘rishishga kelishib olgandi. Keyin Rubio va Lavrov o‘zaro uchrashib, yuqori darajadagi uchrashuvga tayyorlanishi kerak edi. Uchrashuv joyini kelishib olish uchun Rubio va Lavrov telefonda gaplashishdi. Va kutilmaganda bu uchrashuvdan keyin nafaqat ikki davlat bosh diplomatlarining, balki Tramp va Putinning uchrashuvi bekor bo‘lib ketdi.

Rubio rossiyalik hamkasbi bilan gaplashganidan keyin Trampga Moskvaning pozitsiyasi umuman o‘zgarmagani, Putin bilan uchrashishdan mantiq yo‘qligini tushuntirgan. Bu uchrashuv Rossiyaga ko‘proq kerak edi, chunki Putin Alyaskada Tramp bilan ko‘rishib kelganidan keyin «Rossiya ortiq izolyatsiyada emas» qabilida gapira boshlashdi, Rossiya prezidentiga aynan shu kerak edi.

Lavrov o‘sha uchrashuvdan keyin Rossiya Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolari yig‘ilishini o‘tkazib yubordi, bunaqasi doim ham bo‘lavermaydi, tashqi ishlar vaziri kengashning o‘zgarmas, muhim a’zosi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi haqida Putin birinchi bo‘lib yarim tunda aynan Sergey Lavrovni xabardor qilgan, u shunchaki oddiy diplomat emas, Rossiya siyosatida juda katta odam.

Aynan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ko‘rinish bermagach, «Putin Lavrovni chetlatdi» degan mish-mishlar ko‘paydi. Keyinroq Lavrov Rossiyaning «Katta yigirmatalik» yig‘ilishiga boradigan delagatsiyasi rahbarligidan chetlatildi, uning o‘rnini Putinning maslahatchisi Maksim Oreshkin egalladi.

Bu ham yetmaganday, Lavrov Putinning Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashuvida ham qatnashmadi. Bu endi jiddiy masala: tashqi ishlar vaziri Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Kreml bayonotida aytilganiday «kelishilgan asosda qatnashmadi» deylik, lekin TIV rahbari butun boshli qo‘shni davlat rahbari bilan uchrashuvda qatnashmasligi jiddiy signal.

Chop etilmagan intervyu

Shu kunlarda Lavrov bilan bog‘liq yana bir hodisa yuz berdi. Rossiya bosh diplomati Italiyaning Corriera della Sera nashriga intervyu berdi. Unda Lavrov Tramp va Putin uchrashuvi qoldirilgani haqida o‘z fikrini bildirgan. Unga ko‘ra, Trampga uchrashuv o‘tkazilmasligi uchun qanaqadir yolg‘on hisobotlar berishgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Trampga kim, qanday hisobot olib kirgani haqida aniq gapirmagan.

Omadsizlik ketma-ket keladi deganlariday, italyan nashri «Lavrovning intervyusi ishonchsiz ma’lumotlarga to‘la» degan sabab bilan uni chop etmagan. Qizig‘i, Rossiya tashqi ishlar vazirligi e’lon qilinmagan intervyuning tavsilotlarini yozib chiqdi. Bu idora vakolatidagi ish bo‘lmasa ham.

Ana shunaqa gaplar. Menimcha, Putin Lavrovni chetlashtirmagan, u o‘z lavozimida qoladi. Chunki Rossiya prezidenti urush ketayotgan vaqtda butun boshli tashqi ishlar vazirini ishdan olishi ortiqcha shovqin keltirib chiqaradi. Katta ehtimol, tez orada Lavrov qayerdadir chiqish qilib, o‘zining chetlatilgani haqida biror istehzoli gap aytib qolsa kerak yoki uning o‘rniga Mariya Zaxarova shunday qiladi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid