Jahon | 08:42
1121
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: urushning “qaynoq bosqichi” yil oxirigacha tugashi mumkin

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan urushni kelasi qish boshlanguncha diplomatik muzokaralar orqali yakunlash zarurligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonning muvaffaqiyati Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ichki va tashqi bosimning kuchayishiga bog‘liq.

Foto: AFP

Volodimir Zelenskiy bu haqda AQShning CBS telekanalidagi Face the Nation dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Suhbatdan parchalar Ukraina prezidentining Telegram-kanalida e’lon qilingan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil dekabridan boshlab Rossiya frontdagi tashabbusni asta-sekin yo‘qota boshlagan.

“Yanvar oyida amerikalik hamkorlarimizga muzokaralar uchun imkoniyat oynasi ochilganini aytganman. Chunki har oy o‘tgan sayin Rossiya ko‘proq jonli kuch yo‘qotadi”, — dedi Ukraina rahbari.

Uning ta’kidlashicha, hozirda Ukraina bir oy davomida ozod qilayotgan hududlar hajmi Rossiya egallayotgan hududlardan ko‘proqni tashkil etmoqda.

“Shuning uchun men kelasi qish boshlanguncha diplomatik yechim topish, muzokara stoli atrofida o‘tirib gaplashish kerak, deb hisoblayman”, — dedi Zelenskiy.

Uning fikricha, bu Rossiya jamiyati tomonidan Putinga bo‘ladigan ichki bosim, shuningdek, AQSh va Yevropa davlatlarining Moskvaga nisbatan sanksion bosimiga bog‘liq.

Zelenskiy Yevropa tomonidan muzokaralarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan vakil sifatida Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyadan iborat “Yevropa uchligi”ni taklif qildi.

Shu bilan birga, u Shimoliy Yevropa davlatlarini ham Ukrainaning ishonchli hamkorlari sifatida qayd etdi. Prezident Turkiyaning vositachilik qilishga bo‘lgan intilishini ham yuqori baholadi.

“Turkiya har doim vositachi bo‘lishni istagan va uning yordamida harbiy asirlarimizni qaytarish borasida muayyan natijalarga erishdik”, — dedi u.

Ukraina rahbariga ko‘ra, yakuniy qaror Kiyev va Yevropa tomonidan qabul qilinishi lozim. Biroq Rossiya ham muloqotga va Yevropa ishtirokidagi muzokaralarga tayyor bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Avvalroq The Economist jurnali hukumat manbalariga tayanib, Zelenskiy mamlakatni yana ikki-uch yillik urushga tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini yozgan edi. Nashr fikricha, AQSh ishtirokidagi so‘nggi muzokaralarning natija bermagani tufayli mojaro tomonlardan biri zaiflashguniga qadar davom etishi mumkin.

Biroq “RBK-Ukraina” agentligining Ukraina hukumatidagi manbasi bu ma’lumotni rad etdi va uni “eski axborot” deb atadi.

Manbaga ko‘ra, Zelenskiy doimiy ravishda Rossiyaga o‘t ochishni to‘xtatish taklifini bildirib kelmoqda. Shuningdek, u yaqinda urushning “qaynoq bosqichi” 2026 yil noyabr oyiga qadar yakunlanishi mumkinligiga ishora qilgan. Bu haqda Ukraina Oliy radasi deputati Olga Vasilevskaya-Smaglyuk ma’lum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid