Jahon | 13:44 / 14.11.2025
1973
5 daqiqa o‘qiladi

Mers Zelenskiyni korrupsiyaga qarshi kurashishga chaqirdi

Germaniya kansleri telefon orqali suhbatda Ukraina prezidentini «korrupsiyaga qarshi kurashni va keyingi islohotlarni, ayniqsa huquqiy davlat sohasida, qat’iyat bilan ilgari surishga» chaqirdi. Zelenskiy esa sheriklar ishonchini tiklashga va’da berdi.

Foto: REUTERS

GFR kansleri Fridrix Mers Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida uni «korrupsiyaga qarshi kurashni va keyingi islohotlarni, ayniqsa huquqiy davlat sohasida, jadal ravishda olg‘a siljitishga» chaqirdi. Siyosatchilar suhbati «Energoatom» Ukraina davlat kompaniyasi atrofidagi korrupsiya mojarosi fonida bo‘lib o‘tdi.

O‘z navbatida Zelenskiy Ukraina hukumatining iste’foga chiqqan a’zolariga nisbatan olib borilayotgan tergov jarayoni haqida Mersga ma’lumot berdi va «aholi, Yevropa sheriklari va mamlakatning xalqaro donorlari ishonchini qayta tiklashga qaratilgan to‘liq oshkoralik, antikorrupsiya organlarini uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, qo‘shimcha shoshilinch choralar» haqida va’da qildi, deyiladi Germaniya hukumatining rasmiy saytidagi press-relizda.

Bundan tashqari, Ukraina rahbari Fridrix Mersga Germaniya ko‘rsatayotgan ko‘mak, xususan, havo mudofaa tizimi va Ukraina energetika infratuzilmasini himoya qilish sohasidagi yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Ukraina prezidenti va Germaniya hukumati rahbari Yevropa va transatlantik sheriklar bilan yaqin muvofiqlashgan holda o‘t ochishni to‘xtatish va uzoq muddatli tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi, deb xabar qildi GFR kansleri matbuot xizmati.

O‘z tomonidan Mers Germaniya G‘arbdagi sheriklari bilan birgalikda Moskvaga bosim o‘tkazishni davom ettirishini, shu orqali Rossiyani jiddiy tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga undashga intilishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan «Rossiya davlatining muzlatilgan aktivlarini samarali ishlatish» bo‘yicha ish davom ettiriladi, deyiladi hujjatda.

Suhbatda ko‘tarilgan yana bir mavzu ukrainalik qochqinlar vaziyati bo‘ldi. Xabarda aytilishicha, Ukraina prezidenti Yevropa Ittifoqiga ketayotgan yosh ukrainalik erkaklar oqimining ortishi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.

Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (NABU) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) shu hafta boshida «Energoatom» Ukraina davlat kompaniyasida keng ko‘lamli korrupsiya sxemasi fosh etilgani haqida xabar berdi.

NABU bayonotiga ko‘ra, «jinoiy tashkilotning asosiy faoliyati yo‘nalishi “Energoatom” kontragentlaridan shartnomalar qiymatining 10–15 foizi miqdorida tizimli ravishda noqonuniy daromad olishdan iborat bo‘lgan. Jumladan, “Energoatom” kontragentlariga ko‘rsatilgan xizmatlar/yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni to‘sib qo‘ymaslik yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik evaziga «otkat» to‘lash sharti yuklatilgan».

NABU tergovchilariga ko‘ra, «Energoatom»dagi yirik korrupsiya sxemasining tashkilotchilari sifatida moliyachi Aleksandr Tsukerman va biznesmen Timur Mindich — Zelenskiyning ko‘p yillik hamkori va «Kvartal 95» studiyasining egasi ko‘rsatilgan. 13 noyabr kuni Volodimir Zelenskiy ularga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi. Mindich va Tsukerman davlat mukofotlaridan mahrum etildi, Ukrainadagi aktivlari uch yil muddatga bloklandi, savdo operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati to‘xtatildi. Shuningdek, Mindich va Tsukermanga Ukrainada yer uchastkalarini sotib olish taqiqlandi.

10 noyabr kuni huquqni muhofaza qilish organlari Timur Mindich uyida, «Energoatom»da, shuningdek Ukraina adliya vaziri German Galushchenkoning xonadonida tintuv o‘tkazdi. Biroq Mindich bu jarayonlardan biroz oldin Ukrainani tark etgan.

12 noyabr kuni keng jamoatchilik muhokamasi fonida Ukraina Davlat chegara xizmati Timur Mindichning chegaradan o‘tishi holatini aniqlash uchun «o‘z xizmat tekshiruvini o‘tkazgani» va chegaradan chiqib ketish qonuniy bo‘lganini ma’lum qildi.

«U (Timur Mindich — tahr.) Ukrainadan chiqib ketish uchun chegara punktlaridan birida amaldagi qonunchilik me’yorlariga muvofiq rasmiy tarzda tegishli jarayondan o‘tkazilgan. Harbiy holat davrida chegarani kesib o‘tish huquqini beruvchi barcha hujjatlari mavjud edi. Alohida ta’kidlaymizki, unga nisbatan Ukrainadan chiqib ketishni taqiqlovchi cheklovlar belgilanmagan edi», — deyiladi Ukraina Davlat chegara xizmati Facebook sahifasidagi ma’lumotda. «Shuningdek, Ukraina Davlat chegara xizmati biror bir huquqni muhofaza qilish organidan chegarada mazkur fuqaroni aniqlagan taqdirda unga nisbatan chiqib ketishni taqiqlash, qidiruv yoki davlat chegarasini kesib o‘tish fakti haqida xabar berish to‘g‘risidagi topshiriqlarni olmagan».

Mavzuga oid