Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mobil davr: smartfonlar eng ko‘p tarqalgan mintaqalar
Smartfonlar anchadan beri oddiy qulaylik vositasi emas - ular zamonaviy hayotning asosiga aylandi: muloqot va savdodan tortib, ko‘ngilochar va ta’limgacha bo‘lgan barcha sohalarda yordam beradi.
Foto: AP
Newzoo tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, smartfonlar kirib borish darajasi bo‘yicha AQSh yetakchi: aholining 81,6 foizi shunday qurilmalarga ega. Ortidan Yaponiya — 78,6 foiz, Rossiya — 73,6 foiz bilan kelyapti, Xitoy va Indoneziyada esa ko‘rsatkichlar taxminan 68 foiz atrofida.
Faol o‘sish Braziliya, Meksika va Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Shu bilan birga, Hindiston (46,5 foiz), Nigeriya (38,1 foiz) va Pokiston (31 foiz) hali-hanuz katta salohiyatga ega yirik bozorlar bo‘lib qolmoqda.
Smartfonlar tarqalishining o‘sishi faqat qurilmalar soni ko‘payganini emas, balki internetga kirish usullari o‘zgarib borayotganini ham aks ettiradi.
Semrush ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda jahon veb-trafigining 63 foizdan ortig‘i mobil qurilmalarga to‘g‘ri keladi — bu an’anaviy “desktop” internetdan hal qiluvchi og‘ish sodir bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Google’dagi qidiruv so‘rovlarining ko‘pchiligi endi aynan smartfonlar orqali amalga oshirilmoqda — kompaniyalar va marketologlar raqamli strategiyalarini moslashtirishda inobatga oladigan muhim omil.
Mutaxassislar bu o‘sishni jahon miqyosidagi o‘zaro bog‘liqlik haqidagi kengroq jihatning bir qismi sifatida ko‘radi. IDC Worldwide Quarterly Mobile Phone Tracker’ning 2025 yil ikkinchi chorakdagi hisobotiga ko‘ra, smartfon yetkazib berish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga oshib, 295,2 million donani tashkil etdi — Xitoydagi past talab va ayrim hududlardagi iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan.
O‘sishning asosiy drayverlari — hamyonbop narxdagi Android-smartfonlar va rivojlanayotgan mamlakatlarda internet qamrovining kengayishi bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, Hindiston va Afrika davlatlarida qurilmalar qiymati hamon jiddiy to‘siq: millionlab odamlar hali ham oddiy telefonlardan foydalanadi yoki bitta gadjetni bir necha kishi bo‘lib ishlatadi. Bu esa budjet smartfonlar ishlab chiqaruvchilari va mobil foydalanishga mo‘ljallangan platformalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Bu orada rivojlangan iqtisodiyotlarda — masalan, AQSh va Yaponiyada bozor modellarni yangilash va sun’iy intellekt asosidagi funksiyalarga ega premium qurilmalarga talab hisobiga o‘smoqda.