21:51 / 11.11.2016
17718

Smartfonlar va sovuq harorat - bilishingiz kerak bo‘lgan haqiqat

Portlash - smartfonlardagi akkumulyatorlarning yagona muammosi emas. Rossiya va u kabi ayozli qish (0 darajadan past) kuzatiladigan mamlakatlarda sovuq haroratda gadjyetlar o‘z zaryadini tez yo‘qotishi mumkin. Hi-Tech Mail.Ru nima uchun bunday bo‘lishi va sevimli smartfonimizni sovuqdan qanday asrash mumkinligiga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Akkumulyator — zamonaviy mobil qurilmalarning zaif jihati. Ular tezda zaryadini yo‘qotadi, tezkor quvvatlash chog‘ida qizib ketadi, Samsung Galaxy Note 7 tajribasi esa telefonlarning batareyalar tufayli portlashi ham mumkinligini ko‘rsatmoqda. Biroq sovuq o‘lkalarda yashovchi kishilarni boshqa muammo qiynaydi - smartfonlar sovuqda tez zaryadsizlanmoqda yoki umuman, o‘chib qolmoqda.

Nima uchun telefonlar muzlaydi?

Energiya manbalarini ishlab chiqarish texnologiyasi boshqa sohalarga qaraganda ancha sekin o‘zgaradi. 1991 yilda muloqot vaqtida portlab ketgan litiy anodli ilk mobil telefonlarini qaytarib olishgan. Shundan keyin ishlab chiqaruvchilar xavfsizlikni oshirish uchun litiy elektrolitli energiya manbalariga o‘tishgan. 

Akkumulyator muzlasa, smartfon zaryadini yo‘qotadi yoki umuman o‘chib qoladi

Past harorat barcha jarayonlarni sekinlashtiradi: muzlatgichdagi go‘sht sovutgichdagidan yaxshiroq saqlanadi - chunki u yerda bakteriyalar faolligi nisbatan pastroq bo‘ladi. Akkumulyator bilan ham xuddi shunday, faqat unda mikroorganizmlar o‘rniga litiy ionlari "ter to‘kadi". 

Qancha arzon bo‘lsa, shuncha yaxshi

Alyuminiy yuqori issiqlik o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega (o‘rtacha 220 Vt/(m·K)) — bu smartfon uchun bir vaqtning o‘zida ham yaxshi, ham yomon. Gadjyet akkumulyator va protsessordan issiqlikni yaxshiroq oladi, lekin tezroq "muzlaydi". Qurilmaning qalinligi ham muhim ahamiyatga ega - ingichka smartfondagi akkumulyator faoliyati tezroq beqarorlashadi. 

Bunga yaqqol misol sifatida iPhone qurilmasini olishimiz mumkin. Apple smartfonlari korpusining katta qismi alyuminiydan yasalgan, iPhone 6/6s/7 qalinligi esa — 7,1 mm. Hi-Tech Mail.Ru tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, iPhone 6 qurilmasi uchun 15 darajali sovuq harorat taqiqlangan. Ishlab chiqaruvchi buni yaxshi biladi va ogohlantiradi - iOS-qurilmalar bilan ishlashda atrof-muhit harorati diapazoni - "+0 darajadan 35 daraja issiqqacha". 

Apple rasmiy saytidan xabar

Shisha issiqni metallga nisbatan yomonroq o‘tkazadi - atigi 1,15 Vt/(m·K), ammo shuning o‘ziyoq telefonning sovuqda muzlashi uchun yetarli. Samsung Galaxy S7 ikki tomondan shisha bilan qoplangan, lekin yon tomon ramkasi alyuminiydan yasalgan. Ishlab chiqaruvchi ekspluatatsiya shartlarida xuddi shunday tavsiya bergan - "+0 darajadan 35 daraja issiqqacha". 

Sovuqqa chidamlilik bo‘yicha plastik yetakchilik qiladi - uning issiqlik o‘tkazuvchanligi - 0,15-0,20 Vt/(m·K) atrofida. "Qariya" Samsung Galaxy SII 35 daraja sovuqda o‘chadi, "qo‘ng‘iroqcha" Nokia C1-01 esa - 40 daraja sovuqda!

Zamonaviy smartfonlar ishlab chiqaruvchilari ulardan sovuq (noldan past) haroratda foydalanmaslikni tavsiya qilishadi. Bu qisman materiallar - alyuminiy va shishaning aybi. Byudjyet telefonlar korpusi oddiy PVX yoki plastik turi bo‘lgan polikarbonatdan ishlanadi. Shu bois qish ayozli kechuvchi mamlakatlarda - smartfon qancha arzon bo‘lsa, shuncha yaxshi. 

Akkumulyator tarkibi ahamiyatga ega emas

Re-Mobile servis markazi mutaxassisi Artyom Anisimovning ta'kidlashicha, tarkibida litiy bo‘lgan akkumulyatorlar "muzlashni yoqtirishmaydi", shu bois sovuqda ulardan foydalanish maqsadga muvofiq emas. Biroq litiy-ion va litiy-polimer variantlari o‘rtasida farq bor:

Litiy-polimerda sovuqni sezuvchanlik xususiyati pastroq, albatta. Ular bir maromda ishlashi uchun eng maqbul harorat Tselsiy bo‘yicha 20 daraja sovuqdan 35 daraja issiqqacha. Litiy-ion akkumulyatorlarda esa 0dan past haroratdayoq muammolar boshlanishi mumkin. Biroq shunga qaramay, litiy-polimer akkumulyatorlar kamroq tarqalgan. Bu ehtimol uning narxi nisbatan qimmatroq ekanligi bilan bog‘liqdir.

Top