Texnologiya | 22:42 / 14.11.2025
4521
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram bir kunda rekord darajada ko‘p kanalni blokladi

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari aks etgan materiallarni joylashtirgan yoki terrorchi jamoalar bilan bog‘liq kanallar bloklanmoqda.

Foto: Getty images

Telegram messenjeri 13 noyabr kuni 519 645 ta kanalni blokladi, bu rekord darajada ko‘p hisoblanadi.

Avvalgi rekord fevral oyida o‘rnatilgan edi, shunda kun davomida bloklangan kanallarning umumiy soni 500 mingga yaqin edi. Statistika 2023 yil oxiridan beri yuritilmoqda.

Yil boshidan beri Telegram ma’muriyati jami 35 millionga yaqin guruh va kanalni bloklagan, ulardan 856 mingdan ortig‘i bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari aks etgan materiallarni joylashtirgan, 207 mingdan ortig‘i terrorchi jamoalar bilan bog‘liq.

Telegram foydalanuvchilari nomaqbul kontent haqida shikoyat qilish imkoniyatiga ega. Agar kontent Telegram foydalanuvchisi kelishuvini buzsa va unda zo‘ravonlikka undash, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish sahnalari, noqonuniy mahsulotlar savdosi haqidagi xabarlar mavjud bo‘lsa, olib tashlanadi. Messenjer ichida mualliflik huquqi buzilishi, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, spam va boshqalar haqida shikoyat qilish mumkin, shuningdek, «qonunni buzmaydi, lekin o‘chirib tashlash kerak» bandi mavjud.

Telegramdagi moderatsiya tizimi atrofidagi mojaro 2024 yilda Parijda fransuz rasmiylari tomonidan messenjer asoschisi Pavel Durov hibsga olinganidan keyin boshlangan edi. Hibsga olish kontentni yetarlicha moderatsiya qilmaslik va Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish bilan bog‘liq tergov doirasida amalga oshirildi.

Durov hibsga olinganidan so‘ng Telegram moderatsiya siyosati o‘zgartirildi. Tadbirkorning o‘zi messenjer 2018 yildan beri huquqni muhofaza qilish organlariga asosli huquqiy so‘rovlarga javoban jinoyatchilarning IP-manzillari va telefon raqamlarini oshkor qilib kelayotganini aytgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid