Jahon | 14:29 / 15.11.2025
4140
3 daqiqa o‘qiladi

Ryazan viloyati dronlar tomonidan ommaviy hujumga uchradi

Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov mintaqada dronlar tomonidan amalga oshirilgan ommaviy hujumdan so‘ng «bir korxona hududida» yong‘in chiqqanini ma’lum qildi. Telegram’da esa mahalliy NQZ (neftni qayta ishlash zavodi)ga zarba berilgani haqida yozilmoqda, ehtimoliy yong‘in aks etgan video ham e’lon qilingan.

Foto: Alexander Ryumin/TASS/picture alliance

Ryazan viloyati 15 noyabrga o‘tar kechasi dronlar tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Qator Telegram-kanallar dronlar Ryazan neftni qayta ishlash zavodi (NQZ)ga hujum qilgani haqida yozmoqda. Jumladan, Astra kanali ushbu hujumdan keyin NQZda boshlangan yong‘in tasvirlangan videoni e’lon qildi. Ryazan NQZga dron hujumi haqida Ukrainaning Supernova+ Telegram-kanali ham xabar berdi. Bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov 15 noyabr tongida Telegram’da yozishicha, dron parchalari tushishi natijasida «bir korxona hududida yong‘in kelib chiqqan», ammo u qaysi korxona ekanini aniqlashtirmagan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchilar yo‘q, moddiy zarar baholanmoqda. Hodisa joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda», — deyiladi Malkov postida.

O‘z navbatida, RF mudofaa vazirligi Telegram’da shu tun navbatchi havo mudofaa vositalari Rossiya mintaqalari ustida uchgan 64 ta Ukrain droniga zarba bergani yoki ularni yo‘q qilgani haqida ma’lum qildi, shulardan 25 tasi — Ryazan viloyati uzra. Yana 17 ta dron Rostov viloyati hududi ustida urib tushirilgani aytildi. «O‘tgan tun Sholoxov va Chertkov tumanlarida dron hujumi qaytarildi. Fuqarolar orasida jabrlanganlar yo‘q. Oqibatlar yuzasidan ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda», — deb yozdi Telegram’da viloyat gubernatori Yuriy Slyusar.

Bundan tashqari, Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 ta dron Tambov viloyati, 5 ta — Voronej viloyati, 2 tadan — Belgorod, Saratov va Lipetsk viloyatlari, bittadan — Tula va Samara viloyatlari, shuningdek, Tatariston Respublikasi hududi ustida urib tushirilgan.

So‘nggi oylarda Ukraina Rossiyadagi NQZ va boshqa energetika infratuzilmasi obektlariga dronlar yordamida tez-tez hujum qila boshladi. Kuzatuvchilar ta’kidlashicha, shu fonda Rossiyaning qator hududlarida yonilg‘i tanqisligi holatlari kuzatilyapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid