Jahon | 16:50 / 15.11.2025
4662
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonning eng katta bozorlaridan birida yong‘in chiqdi

12 noyabrdan 13 noyabrga o‘tar kechasi Tojikistonning Panjakent shahri Matluboti mahallasida joylashgan Guliston bozorida katta yong‘in sodir bo‘lgan. Mahalliy aholi bu bozorni – “latta bozori” deb atardi. Shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasining mahalliy tojik medialariga bildirishicha, kamida 600 kvadrat metr hududga yong‘in tarqalgan. Lekin Kun.uz suhbatlashgan manbalarning aytishicha, yong‘in hududi qariyb 800 metr kvadratgacha boradi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yong‘in Tojikiston vaqti bilan 13 noyabr kuni soat 02:30 da o‘chirilgan. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi davlat yong‘in xavfsizligi xizmati Instagram’dagi sahifasida yong‘in haqida taxminan soat 22:33 da xabar olganini yozdi. Va uni o‘chirish uchun Panjakent shahri tasarrufidagi muassasaning 7 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 4 ta suv avtomashinasi 87 nafar xodim bilan safarbar etilgan.

"Hodisa joyini ko‘zdan kechirish chog‘ida 280 ta savdo shoxobchasi ayvonlar ostida qolgani, bozorga tutash 20 ta uy-ro‘zg‘or buyumlari va kiyim-kechak sotiladigan do‘konlar yonib zarar ko‘rgani aniqlandi. Bozor va turar joy binolaridan qariyb 27 million somoniylik tovar va mol-mulk yong‘indan qutqarib olindi", deb yozadi Tojikiston Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari.

Tojikistonlik jurnalist Ozod Hoshimiyning Kun.uz’ga aytishicha, yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat bozorlarida avval ham yong‘inlar sodir bo‘lgan va aksariyat hollarda mutasaddilar yong‘inni yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik yoki elektr simlarining nosozligi bilan izohlab keladi. Yong‘indan jabr ko‘rgan tadbirkorlar bunday yong‘inlarda tovarlari yo‘q bo‘lib ketayotganidan shikoyat qilsa-da, hech kim ularga tovon bermagan. Bu galgi yong‘indan aziyat chekkanlarning ham oh-vohini hech kim eshitmasa kerak.

Mavzuga oid