Texnologiya | 12:32 / 16.11.2025
2230
2 daqiqa o‘qiladi

ChatGPT guruhli suhbatlarni ishga tushirdi

OpenAI ChatGPT uchun yangi imkoniyatni sinovdan o‘tkazishni boshladi - endilikda foydalanuvchilar uni guruhli suhbatlarga ham qo‘sha oladi. Pilot loyiha hozircha Yaponiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya va Tayvanda ishga tushirilgan.

Yangi funksiya orqali foydalanuvchilar bir suhbatga 20 nafargacha odamni taklif qilishi mumkin. Guruh yaratish jarayoni juda oddiy: chatning yuqori o‘ng burchagidagi belgi orqali havola yuboriladi. Kimdir mavjud suhbatga qo‘shilganda, ChatGPT uni avtomatik ravishda yangi guruh sifatida ko‘chiradi, asosiy chat esa maxfiy holatda qoladi. Guruhlarda qatnashish uchun foydalanuvchilardan qisqa profil — ism, yuzerneym va rasm — yaratish talab etiladi.

ChatGPT guruhdagi muloqotni mustaqil ravishda kuzatadi va zarur paytda javob beradi. Agar ishtirokchilar undan aniq javob istashsa, xabarda “ChatGPT” deb murojaat qilish kifoya. Yana bir qiziq jihat — u xabarlarga emodzi bilan javob bera oladi va ishtirokchilarning profil rasmlaridan foydalanib, shaxsiylashtirilgan vizuallar yaratadi.

Yangi tizimning markazida GPT-5.1 Auto turibdi. U foydalanuvchining tarifiga qarab eng maqbul modelni tanlaydi. Qidiruv, rasm va fayl yuklash, ovozli buyruqlar, tasvir yaratish kabi funksiyalar to‘liq ishlaydi. Cheklovlar faqat ChatGPT yozgan xabarlarga taalluqli.

Har bir guruh uchun alohida ohang yoki qoidalar o‘rnatish imkoni bor. Eng muhimi — guruhlar shaxsiy chatlardan butunlay mustaqil holda ishlaydi, ChatGPT bu suhbatlardan yangi xotira to‘plamaydi.

OpenAI avvalo shu to‘rt mintaqada fikr va tajribalarni to‘plab, keyinchalik funksiyani boshqa davlatlarga ham kengaytirishni rejalashtirgan.

Texnologiyalar tez o‘zgarayotgan bugungi kunda eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish muhim. Raqamli dunyoda adashib qolmaslik va shunday yangiliklarni birinchilardan bilish uchun KUN.UZ Texnologiya Telegram sahifasini kuzatib boring.

Mavzuga oid