Sport | 12:22 / 16.11.2025
16585
19 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Belgiyani, Belarus Daniyani to‘xtatdi. Kun o‘yinlari

Ispaniya va Shveytsariya amalda JCh yo‘llanmasini hal qildi, Turkiya esa g‘alabali seriyasiga qaramay, o‘tish o‘yinlariga yo‘l oladi.

Foto: Jan De Meuleneir/IMAGO/TASS

J guruhi

Qozoqlar eshikni qattiq yopib ketishdi

Qozog‘iston – Belgiya 1:1
Gollar:
Satpayev, 9 (1:0). Vanaken, 48 (1:1)
Qozog‘iston: Anarbekov, Alip, Qosim, Vorogovskiy, Kairov, Tapalov (Kasabulat, 90+1), Orazov (Jukov, 90+1), Samorodov (Karaman, 80), Kenjyebek (Ashirbek, 56), Chesnokov, Satpayev (Sviridov, 56)
Belgiya: Sels, Teat, de Vinter, Seys (De Keyper, 80), Kastan, Onana (Tilemans, 71), Raskin (Verman, 89), Vanaken, De Ketelare (Openda, 71), Doku, Trossar (Salemakers, 70)
Ogohlantirishlar: Tapalov, 30. Satpayev, 47. Kairov, 70. Anarbekov, 84 – Onana, 40
Chetlatish: Chesnokov, 77

Belgiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi birinchi o‘yin mezbonlarning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangandi (6:0). Aynan shu natijadan keyin Ali Aliyev qozog‘istonliklar bosh murabbiyi lavozimidan bo‘shatildi, uning o‘rniga ish boshlagan Talgat Baysufinov boshchiligidagi jamoa esa Lixtenshteynni yirik hisobda mag‘lub etdi (4:0), guruh peshqadamlaridan biri Shimoliy Makedoniyaga yutqazmadi (1:1), endi esa guruhning asosiy favoritiga ham jang taklif etdi.

Belgiya Ostonaga Kurtua, De Bryuyne (jarohatlangan) va Menesiz (sariq kartochkalari ko‘payib ketgan) tashrif buyurishdi, bosh murabbiy Rudi Garsiya esa diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni tribunadan kuzatishga majbur edi. «Qizil iblislar» nima bo‘lganda ham JCh yo‘llanmasini rasmiylashtirishni so‘nggi turga qoldirishni istamasdi, lekin ularga ikki futbolchi to‘sqinlik qildi. Birinchisi, «Chelsi»ning bo‘lajak futbolchisi, 17 yoshli Doston Satpayev. U o‘yin startidayoq maydon markazida to‘p egallab olingach, reyd amalga oshirdi va Sels qo‘riqlayotgan darvozaning yaqin burchagini aniq nishonga oldi. «Qayrat»ni YeChLga olib chiqqanidan keyin mashhur bo‘lib ketgan darvozabon Anarbekov esa birinchi bo‘limning o‘zida Vanaken, Trossar, De Ketelare va Kastanning xavfli zarbalarini qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda Vanaken baribir uni dog‘da qoldira oldi va hisobni tenglashtirdi, ammo darvozabon shundan keyin ham

ham qahramonlik ko‘rsatishda davom etib, jami 8 bor seyv amalga oshirdi. Mezbonlar Chesnokov maydondan chetlatilib, bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin ham mardonavor o‘ynab, hisobni saqlab qolishdi. Natijada Belgiyaning JCh yo‘llanmasini rasmiylashtirishi seshanba kuni Bryusselda Lixtenshteynga qarshi kechadigan o‘yinga qoldi.

Lixtenshteyn – Uels 0:1
Gol:
J. Jyeyms, 61 (0:1)
Lixtenshteyn: Byuxel, Malin, Geppel, Mayyer, Zele (Shlegel, 81), A. Xasler (Volfinger, 81), Lyuxinger, Tsyund (Vayssenhofer, 66), N. Xasler, Lyuk-Notaro (Pitssi, 74), Salanovich (Saglam, 46)
Uels: Darlou, Loulor, Rodon, Dasilva, Uilyams, Ampadu, J. Jyeyms (Kallen, 77), D. Jyeyms (Koluill, 65), Tomas (Jonson, 83), Xarris (Bruks, 65), Brodhed (Kumas, 65)
Ogohlantirishlar: N. Xasler, 45. Lyuk-Notaro, 68 – J. Jyeyms, 63. Kumas, 79. Ampadu, 86

Uels 18 bor zarba yo‘lladi, Lixtenshteynda — uchta. Shunga qaramay, guruh autsayderi ancha vaqtgacha bardosh berdi (darvozabon Benyamin Byuhel olti seyv ijro etdi) va durang hisobni 63-daqiqagacha ushlab turdi. Keyin esa uelsliklar safidagi Jyeymslar ketma-ket xavfli hujum amalga oshirishdi: Deniyel avvaliga yaqin masofadan turib yo‘llagan zarba ustunga tegdi, bir necha daqiqa o‘tib u qanotdan oshirgan uzxatmani Jordan bir metr masofadan turib darvoza to‘riga yo‘lladi. Endi Uels Kardiffda bo‘ladigan o‘zaro o‘yinda Shimoliy Makedoniyani mag‘lub etishi kerak bo‘ladi: ochkolar soni bo‘yicha ushbu jamoalarda tenglik, ammo to‘plar nisbati makedonlarda yaxshiroq. Guruhda uchinchi o‘rin egasi ham Millatlar ligasi reytingi evaziga o‘tish o‘yinlarida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi, lekin qur’ada bunday jamoalar to‘rtinchi savatchadan o‘rin oladi.

18 noyabr. Belgiya – Lixtenshteyn, Uels – Shimoliy Makedoniya.

E guruhi

De la Fuente del Boskedan o‘tib ketdi

Gurjiston – Ispaniya 0:4
Gollar:
Oyyarsabal, 11 – penalti (0:1). Subimendi, 22 (0:2). Torres, 35 (0:3). Oyyarsabal, 63 (0:4)
Gurjiston: Mamardashvili, Goglichidze (Kashiya, 46), Lochoshvili, Mamuchashvili, Gocholeishvili, Mekvabishvili (Tsitaishvili, 72), Kiteishvili, Tabatadze (Kvernadze, 57), Kvaratsxeliya, Davitashvili (Abuashvili, 85), Zivzivadze (Kvilitaya, 72)
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro (Liorente, 46), Subimendi, Ruis (Barrios, 62), Merino (Fermin Lopes, 62), Baena, Torres (Pino, 80), Oyyarsabal (Iglesias, 71)
Ogohlantirish: Merino, 57

Ispaniya Yamal va Niko Uilyams kabi yetakchi futbolchilarsiz ham natijaga erishmoqda, bu safar Gurjistonning ikkinchi o‘rin uchun nazariy imkoniyatlari yo‘q qilindi. Oyyarsabal esa milliy jamoa safidagi 50-o‘yinida penaltidan tezkor gol urdi. 35-daqiqaga borib ispanlar hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi, avvaliga Subimendi Ruisning chiziqlar orasidan o‘tkazgan pasiga ochilib, hisobdagi farqni oshirdi, keyin esa Ferran amalda o‘yin taqdirini hal qilgan golni urdi. Darvozabon ustuni va Mamardashvilining seyvlari bo‘lmaganida Luis de la Fuente birinchi bo‘limni yanada yirikroq hisobda yakunlagan bo‘lardi. Ikkinchi bo‘limda ham gurjistonliklarning omadi keldi va faqat bitta gol o‘tkazish bilan cheklandi, 63-daqiqada tinib-tinchimas Oyyarsabal dublni rasmiylashtirdi. Ushbu forvard «Qizil furiya»ning hozirgi murabbiylar shtabi davridagi eng sermahsul futbolchisi bo‘lmoqda (15 gol va 7 uzatma). Uning sa’y-harakatlari bilan Visente del Boske boshqaruvidagi jamoa rekordi yangilandi: hozirgi jamoa 30 (+25=5) o‘yindan buyon turnir o‘yinlarida yutqazmayati. Endi ispanlar Marokashga tegishli rekordni (38 o‘yin) yangilashiga bel bog‘lagan.

Ispaniya ham xuddi Angliya kabi bu safargi saralash turnirida bitta ham gol o‘tkazmagan (19:0), lekin inglizlardan farqli o‘laroq, hali ham JCh-2026 uchun yo‘llanmani rasmiylashtirmadi. Buning sababi esa Turkiya.

Turkiya – Bolgariya 2:0
Gollar:
Hoqon Chalxono‘g‘li, 18 – penalti (1:0). Chernev, 83 – avtogol (2:0)
Turkiya: Ugurjan Chaqir, Merix Demiral (Oqoydin, 46), Abdulkarim Bardakchi, Ferdi Kadio‘g‘li (Mert Mo‘ldur, 61), Zeki Chelik (Kaan Oyxon, 61, Karazor, 81), Hoqon Chalxono‘g‘li, Ismail Yuksek, Arda Guler (Yusuf Sari, 88), Kenan Yildiz, O‘g‘uz Oydin, Karim Oqturko‘g‘li
Bolgariya: Mitov, Chernev, K. Dimitrov, Petrov, Georgiyev, Gruyev, Krayev (Chochev, 72), Krastev, Rusev (Nikolov, 86), Z. Dimitrov (Petkov, 72), Despodov (Minchev, 63)
Ogohlantirishlar: Abdulkarim Bardakchi, 20. Arda Guler, 40. Ismail Yuksek, 89 – Georgiyev, 64

Chunki bu turda o‘z uyida Bolgariyani mag‘lub etgan turklar uch ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda va hali ham guruh jadvalida ispanlarga yetib olish nazariy imkoniyatni saqlab turibdi. O‘yinning birinchi bo‘limi o‘rtalarida Hoqon Chalxono‘g‘li ijro etgan standart vaziyatda jonli devorda turgan himoyachi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va belgilangan penaltini «Inter» yarimhimoyachisi odatdagi kabi sovuqqonlik bilan aniq ijro etdi. Keyin esa Vinchenso Montella shogirdlari ketma-ket vaziyatlarni ko‘kka sovurdi va o‘yinda intriga so‘nggi daqiqalargacha saqlanib turdi. Bu vaqt oralig‘ida mezbonlar darvozaboni Ugurjan Chaqir ham seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi. Bursada yig‘ilgan muxlislar faqat 83-daqiqada Chalxono‘g‘lining navbatdagi jarima zarbasidan keyin yengil tin olishdi, bu safar Chernev o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Turkiyani amalda o‘tish o‘yinlari kutmoqda. «Yanicharlar» so‘nggi turda safarda Ispaniyani mag‘lub etsa ham, to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda qoladi. Chunki «Qizil furiya»da bu ko‘rsatkich «+19», turklarda atigi «+5».

18 noyabr. Bolgariya – Gurjiston, Ispaniya – Turkiya.

C guruhi

Barchasi Glazgoda hal bo‘ladi

Daniya – Belarus 2:2
Gollar:
Damsgor, 11 (1:0). Gromiko, 62 (1:1). Demchenko, 65 (1:2). Isaksen, 79 (2:2)
Daniya: Shmeyxel, Vestergor, A. Kristensen, Dorgu, R. Kristensen, Nergor (Froholdt, 70), Heyberg, Damsgor (Billing, 90+7), Isaksen (Dreyyer, 88), Eriksen (Yulmann, 70), Vinn (Biyeret, 70)
Belarus: Lapouxov, Begunov, Zabelin, Parxomenko (Xvalko, 42), Ebong, Yablonskiy, Pechenin, Malashevich, Demchenko (Korzun, 68), Gromiko (Konsevoy, 78), Lisakovich (Barkovskiy, 68)
Ogohlantirishlar: Pechenin, 36. Malashevich, 50. Xvalko, 54. Korzun, 75. Lapouxov, 90

Belaruslar so‘nggi besh o‘yinda yutqazganidan kelib chiqib (3:19), Kopenhagendagi o‘yin natijasi oldindan ma’lumdek ko‘rinayotgandi. Qolaversa, belaruslar 12 soat davomida Polsha bilan chegarada ushlanib qolgan va o‘yinga yaxshi tayyorlana olmagandi. O‘yin startida Damsgor uzoq masofadan darvozani ishg‘ol etgach, mezbonlar g‘alabani nishonlashga kirishdi. Ammo daniyaliklarning shundan keyingi urinishlari besamar ketdi, mehmonlar darvozaboni Fyodor Lapouxov sakkizta seyv ijro etdi, ikkinchi bo‘limda, 62 va 65-daqiqalarda esa barchasi o‘zgarib ketdi. Avvaliga «Qayrat» futbolchisi Gromiko brazillarga xos fint ishlatib, ikki raqibdan o‘tib ketdi va hisobni tenglashtirdi. Keyin uning qanotdan uzatmasini Demchenko golga aylantirdi. Mezbonlar butun kuch bilan oldinga tashlandi, o‘yin oxirigacha jami zarbalar soni 35 taga yetdi, ammo faqat hisobni tenglashtirishga ulgurishdi. Bu durangdan keyin skandinavlar ikkinchi o‘rindan uzoqlashib keta olmadi va barchasi so‘nggi turda Glazgoda hal bo‘ladigan bo‘ldi.

Gretsiya – Shotlandiya 3:2
Gollar:
Bakasetas, 7 (1:0). Karetsas, 57 (2:0). Tzolis, 63 (3:0). Douk, 65 (3:1). Kristi, 70 (3:2)
Gretsiya: Vlaxodimos, Kuliyerakis, Retsos, Tsimikas, Vayannidis, Kurbelis, Muzakitis (Xatzidiakos, 89), Bakasetas, Tzolis (Kostulas, 90), Karetsas (Masuras, 75), Pavlidis (Tette, 43)
Shotlandiya: Gordon, Xenli (Makkenna, 75), Suttar, Roberson, Xiki (Ralston, 75), Makginn, Fergyuson, Maktominay, Douk (Xerst, 88), Kristi (Dayks, 82), Adams (Shenklend, 82)
Ogohlantirishlar: Bakasetas, 66 – Makginn, 10. Fergyuson, 31. Suttar, 85
Chetlatish: Bakasetas, 84 (ikkinchi sariq)

Gretsiyadagi o‘yinda esa hech qanday motivatsiyaga ega bo‘lmagan mezbonlar guruh peshqadamligi uchun kurashayotgan Shotlandiyaning oyog‘idan chalib qoldi. Mezbonlar butun birinchi bo‘lim davomida bosim uyushtirishdi va 42 yoshli darvozabon, bu mavsumda hali birorta o‘yinda maydonga tushmagan Kreyg Gordon bir necha o‘yinga yetgulik yuklamaga duch keldi. U Vangelis Pavlidisning kuchli zarbasini qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Bakasetas baribir darvozani ishg‘ol etdi. Ushbu faxriy darvozabon birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha olti bor seyv amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi va ellinlar birinchi bo‘limda birgina gol bilan cheklanishdi.

Bo‘lim oxirida mezbonlarning asosiy hujumchisi Pavlidis jarohat olganidan keyin tashabbus mehmonlar tomonga o‘ta boshladi. Bo‘limning qolgan daqiqalarida javob golini urish uchun uchta imkoniyat bo‘ldi, Maktominayning zarbasi to‘singa bordi, Doak esa Vlaxodimos bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Che Adamsning zarbasini himoyachi Karetsas blokladi. Ushbu 18 yoshli futbolchi bir necha daqiqa o‘tib jamoasining ikkinchi golini urdi va o‘yin qahramoni unvonini o‘ziniki qildi. Yana bir necha daqiqa o‘tib Tsolis hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi va o‘yin taqdiri amalda hal bo‘lgandek edi.

Ammo Shotlandiya taslim bo‘lmadi va besh daqiqa ichida ikki gol urib, hisobni minimumgacha qisqartirdi. Shotlandlarda kambek qilish uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, 84-daqiqada esa Bakasetas ikkinchi bor ogohlantirilgach, greklar bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Ammo hisob o‘zgarmadi. Endi birinchi o‘rinni egallash uchun shotlandlar uyda Daniyani mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.

18 noyabr. Belarus – Gretsiya, Shotlandiya – Daniya.

H guruhi

Lucheskuga Millatlar ligasi yordam beradi

Kipr – Avstriya 0:2
Gollar:
Arnautovich, 18 – penalti (0:1). Arnautovich, 55 (0:2)
Kipr: Fabianu, Panayotu, Siyelis, Korrea (Andreu, 65), Shikkis, Xaralambus (Kutsakos, 82), Kusulos, Tsionis (Foti, 88), Loizu (Kosti, 65), Sotiriu, Kastanos (Kakullis, 65)
Avstriya: A. Shlager, Danso, Linxart, K. Shlager (Vimmer, 60), Posh, Zayvald, Laymer, Baumgartner (Fridl, 85), Zabitser (Vurmbrand, 90), Shmid (Gryull, 90), Arnautovich (Gregorich, 60)
Ogohlantirishlar: Kastanos, 45. Shikkis, 70

Marko Arnautovichni to‘xtatib bo‘lmayapti. 36 yoshli faxriy futbolchi bir hafta oldin Yevropa Ligasida «Tsrvena Zvezda»ga «Lill» bilan o‘yinda g‘alaba keltirgandi (1:0). Birinchi bo‘limda u Kristof Baumgartner ishlagan penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa kiprliklarning sun’iy ofsayd hosil qilishdagi xatosidan foydalanib, jamoasining hisobdagi ustunligini mustahkamladi. Endi u milliy jamoa safidagi gollari sonini 47 taga yetkazib, milliy rekord o‘rnatdi.

Uning gollari Avstriyani 1998 yildan buyon ilk jahon chempionatiga yaqinlashtirdi. Bu guruhda barchasi ikki kundan keyin Venada Bosniyaga qarshi o‘yinda hal qilinadi va bu o‘yinda Ralf Rangnik shogirdlarini durang hisob ham qoniqtiradi.

Bosniya va Gersegovina – Ruminiya 3:1
Gollar:
Birlidja, 17 (0:1). Jyeko, 49 (1:1). Bayraktarevich, 79 (2:1). Tabakovich, 90+3 (3:1)
Bosniya va Gersegovina: Vasil, Burnich (Bashich, 70), Katich, Muxaremovich, Malich (Tabakovich, 46), Taxirovich (Xadjiaxmetovich, 83), Bayraktarevich, Bajdar (Alaybegovich, 46), Memich, Dedich, Jyeko (Gigovich, 90)
Ruminiya: Radu, Rakovitan, Gitse, Kipchu, Ratsyu, M. Marin, Dragomir (R. Marin, 75), Hoji (Mikulesku, 75), Mixeyle, Man (Tenase, 90+3), Birlidja (Dregush, 65)
Ogohlantirishlar: Katich, 7. Dedich, 36. Muxaremovich, 44. Burnich, 65. Jyeko, 75 – Rakovitan, 45. Man, 90
Chetlatish: Dregush, 68

Oxirgi tur oldidan intrigani saqlab qolish uchun bosniyaliklar o‘z uyida Ruminiya ustidan g‘alaba qozonishi talab etilardi. Lekin 17-daqiqada mehmonlar hujumchisi Daniel Birlidja Valentin Mixeylening uzatmasini golga aylantirib, hisobni ochdi. Keyin esa Edin Jyeko katta sahnaga chiqishi talab etildi. «Fiorentina»da o‘ynayotgan ushbu tajribali futbolchi ikkinchi bo‘lim boshida qanotdan oshirilgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘lim davomida mehmonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi: 65-daqiqada maydonga tushgan Denis Dregush 68-daqiqada Nikole Katichning boshiga butsasining ostki qismi bilan zarba berib, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi.

«11 ga 10» formatida Bosniya va Gersegovina Ruminiyani ayab o‘tirmadi: Esmir Bayraktarevich o‘ng qanotdan hujum uyushtirdi va kuchli zarbasi bilan darvozaning chap to‘qqizligini aniq nishonga oldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Xaris Tabakovich yakuniy hisobni o‘rnatdi. Endi bosniyaliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun so‘nggi turda Avstriyada g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Uchinchi o‘rindagi Mirchi Luchesku shogirdlari esa Millatlar ligasidagi reytingi evaziga o‘tish o‘yinlarida qatnashadi.

18 noyabr. Avstriya – Bosniya, Ruminiya – San-Marino.

V guruhi

Kosovo va Shvetsiya o‘tish o‘yinlarida qatnashadi

Shveytsariya – Shvetsiya 4:1
Gollar:
Embolo, 13 (1:0). Nyugren, 33 (1:1). Jaka, 60 – penalti (2:1). Ndoy, 75 (3:1). Manzambi, 90+4 (4:1)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Muxaym, 70), Vidmer, Rider (Sou, 70), Jaka, Ebisher, Vargas (Manzambi, 85), Ndoy (Zekiri, 90), Embolo (Fassnaht, 85)
Shvetsiya: Yoxansson, Lagerbilke, Xin, Svensson, Holm (Gudmundsson, 50), Chelstrem, Ayyari (Zeneli, 63), Elanga (Forsberg, 78), Bernhardsson (Lidberg, 78), Nyugren, Svanberg (Isak, 63)
Ogohlantirishlar: Ndoy, 36 – Ayyari, 18. Chelstrem, 51. Yoxansson, 58. Forsberg, 90

Shvedlar dastlabki besh turda atigi bir ochko qo‘lga kiritdi, bu esa Yon Dal Tomassoning iste’fosiga olib keldi. Uning o‘rnini Grem Potter egalladi, ammo u o‘z debyutida asosiy forvardlar xizmatlaridan foydalana olmadi – Yokeresh jarohatda, Isak esa formasini tiklashda davom etayotgani tufayli zaxira o‘rindig‘ida qoldirilgan. Guruh peshqadami Shveytsariya yirik hisobda g‘alabaga erishdi. Holbuki 60-daqiqaga qadar hisob teng edi: Bril Emboloning goliga birinchi bo‘limning o‘zida Benyamin Nyugren javob qaytargandi. Ikkinchi bo‘limda Aleksander Isak zaxiradan o‘yinga qo‘shildi, ammo bu jamoani muqarrar mag‘lubiyatdan qutqara olmadi: avvaliga Granit Jaka penaltidan ikkinchi golni urdi, qolgan daqiqalarda Dan Ndoy va Yoxan Manzambi hisobni yiriklashtirishdi.

Shveytsariya besh o‘yinda 13 ochko to‘plagan, ammo hozircha xuddi ispanlar kabi yo‘llanmani rasmiylashtirmadi: asosiy ta’qibchi Kosovo uch ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda, ammo to‘plar nisbatidagi farq juda katta (+11). Shvetsiya esa Millatlar ligasi orqali JCh-2026 uchun yo‘llanma olishga harakat qiladi.

Sloveniya – Kosovo 0:2
Gollar:
Aslani, 6 (0:1). Karnichnik, 64 – avtogol (0:2)
Sloveniya: Oblak, Biyol, Drkushich, Brekalo, Yanja (Stoyanovich, 46), Karnichnik, Xorvat (Verbich, 82), Elshnik, Gorens-Stankovich (Petrovich, 46), Shporar (Gradishar, 66), Vipotnik (Shturm, 76)
Kosovo: A. Rraxmani, Gallapeni, Xaydari, Saipi, Dellova, Redjbechay (Xo‘ja, 65), Avdullaxu, Musliya (Yashari, 89), Voyvoda (A. Rraxmani, 76), Asllani (Krasnichi, 76), Murichi (Rashitsa, 89)
Ogohlantirishlar: Stoyanovich, 47. Shturm, 81 – Dellova, 74
Chetlatish: Stoyanovich, 53 (ikkinchi sariq)

Parallel o‘yinda Sloveniya o‘z uyida Kosovoga yutqazdi va guruhda intriga saqlanib qolishiga sababchi bo‘ldi. Avvaliga «Hoffenhaym» hujumchisi Fisnik Aslani tezkor gol bilan hisobni ochdi, ikkinchi bo‘lim boshida hujumni kuchaytirish uchun zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Stoyanovich esa sakkiz daqiqa ichida ikki bor sariq kartochka olib, mezbonlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Shundan keyin Oblakning ketma-ket seyvlarini Karnichnikning avtogoli yo‘qqa chiqardi. Kosovo ikkinchi o‘rinda, ammo yuqorida aytilganidek, birinchi o‘ringa chiqib olish amalda imkonsiz ish. Kosovoliklar so‘nggi turda o‘z uyida Shveytsariyani mag‘lub etishi mumkin, ammo to‘plar nisbatiga ko‘ra yetib ololmaydi.

18 noyabr. Kosovo – Shveytsariya, Shvetsiya – Sloveniya.

Mavzuga oid