J guruhi

Qozoqlar eshikni qattiq yopib ketishdi

Qozog‘iston – Belgiya 1:1
Gollar: Satpayev, 9 (1:0). Vanaken, 48 (1:1)
Qozog‘iston: Anarbekov, Alip, Qosim, Vorogovskiy, Kairov, Tapalov (Kasabulat, 90+1), Orazov (Jukov, 90+1), Samorodov (Karaman, 80), Kenjyebek (Ashirbek, 56), Chesnokov, Satpayev (Sviridov, 56)
Belgiya: Sels, Teat, de Vinter, Seys (De Keyper, 80), Kastan, Onana (Tilemans, 71), Raskin (Verman, 89), Vanaken, De Ketelare (Openda, 71), Doku, Trossar (Salemakers, 70)
Ogohlantirishlar: Tapalov, 30. Satpayev, 47. Kairov, 70. Anarbekov, 84 – Onana, 40
Chetlatish: Chesnokov, 77

Belgiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi birinchi o‘yin mezbonlarning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangandi (6:0). Aynan shu natijadan keyin Ali Aliyev qozog‘istonliklar bosh murabbiyi lavozimidan bo‘shatildi, uning o‘rniga ish boshlagan Talgat Baysufinov boshchiligidagi jamoa esa Lixtenshteynni yirik hisobda mag‘lub etdi (4:0), guruh peshqadamlaridan biri Shimoliy Makedoniyaga yutqazmadi (1:1), endi esa guruhning asosiy favoritiga ham jang taklif etdi.

Belgiya Ostonaga Kurtua, De Bryuyne (jarohatlangan) va Menesiz (sariq kartochkalari ko‘payib ketgan) tashrif buyurishdi, bosh murabbiy Rudi Garsiya esa diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni tribunadan kuzatishga majbur edi. «Qizil iblislar» nima bo‘lganda ham JCh yo‘llanmasini rasmiylashtirishni so‘nggi turga qoldirishni istamasdi, lekin ularga ikki futbolchi to‘sqinlik qildi. Birinchisi, «Chelsi»ning bo‘lajak futbolchisi, 17 yoshli Doston Satpayev. U o‘yin startidayoq maydon markazida to‘p egallab olingach, reyd amalga oshirdi va Sels qo‘riqlayotgan darvozaning yaqin burchagini aniq nishonga oldi. «Qayrat»ni YeChLga olib chiqqanidan keyin mashhur bo‘lib ketgan darvozabon Anarbekov esa birinchi bo‘limning o‘zida Vanaken, Trossar, De Ketelare va Kastanning xavfli zarbalarini qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda Vanaken baribir uni dog‘da qoldira oldi va hisobni tenglashtirdi, ammo darvozabon shundan keyin ham

ham qahramonlik ko‘rsatishda davom etib, jami 8 bor seyv amalga oshirdi. Mezbonlar Chesnokov maydondan chetlatilib, bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin ham mardonavor o‘ynab, hisobni saqlab qolishdi. Natijada Belgiyaning JCh yo‘llanmasini rasmiylashtirishi seshanba kuni Bryusselda Lixtenshteynga qarshi kechadigan o‘yinga qoldi.