Texnologiya | 07:45 / 17.11.2025
4973
3 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts: sun’iy intellekt atrofida «dotkomga o‘xshash pufak» yuzaga kelgan

Bill Geyts sun’iy intellekt atrofidagi ajiotajni dotkomlar pufagiga o‘xshatdi. Uning fikricha, bu yo‘nalishga mablag‘ kiritgan kompaniyalarning hammasi ham kelgusida foyda ko‘rmaydi.

Foto: Bryan Bedder / Getty Images / Bloomberg Philanthropies

Microsoft hammuassisi Bill Geyts jamiyat hozir sun’iy intellekt pufagi ichida ekanini, bu holat dotkomlar pufagiga o‘xshashini ta’kidladi. Bu haqda u CNBC telekanalining Squawk Box shousidagi chiqishi chog‘ida gapirdi. Shu bilan birga, u buni «sof spekulyatsiya» deb atash mumkin emasligini qayd etdi.

U 1630-yillarda Niderlandiyada bo‘lib o‘tgan «lola maniyasi»ni eslab o‘tdi. O‘sha paytda lolalar narxi bir necha yil davomida oshib borgan, so‘ng keskin tushib ketgan. Geytsning aytishicha, sun’iy intellekt bilan vaziyat hozir bunday emas.

Milliarder fikriga ko‘ra, hozirgi holat 1990-yillar oxiri — 2000-yillar boshidagi dotkomlar pufagiga o‘xshab ketadi. O‘shanda ko‘plab internet-kompaniyalar haddan ziyod qimmat baholangan va bu katta hajmdagi qulashlarga olib kelgan edi.

Geyts ta’kidlashicha, natijada «juda muhim narsa sodir bo‘ldi. Dunyo mutlaqo boshqacha bo‘lib qoldi». Biroq o‘sha paytda faqat ayrim kompaniyalargina muvaffaqiyat qozongan, boshqalari esa orqada qolib, «kapitalni yo‘q qilib yuborgan».

Microsoft hammuassisi ko‘plab investitsiyalar o‘zini oqlamasligini bildirdi. Shu bilan birga, u sun’iy intellektni o‘z hayoti davomidagi «eng yirik texnik yutuq» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt qadr-qimmati ulkan.

Milliarder qo‘shimcha qilishicha, hozir sun’iy intellekt atrofida ajiotaj yuzaga kelgan. Unga ko‘ra, ayrim investitsiya qilgan kompaniyalar foyda ko‘radi, boshqalar esa «juda qimmat elektr energiyasiga ega data-markazlarga pul tikib qo‘yadi».

Ma’lumot uchun, dotkom (dotcom) — aslida .com domeniga ega internet kompaniyalarini anglatadigan atama. 1990-yillar oxirida AQShda internet kompaniyalariga haddan tashqari qiziqish bo‘lgan. Ularning hammasi shartli ravishda «dotkom-kompaniyalar» deb atay boshlangan. Shu davrda bozordagi haddan tashqari qimmatlashish va keyin keskin qulash – dotcom bubble (dotkom pufagi) deb ataladi. Shuning uchun: «dotkom-kompaniyalar» – asosiy faoliyati internetda bo‘lgan firmalar, «dotkom pufagi» – aynan shu kompaniyalar atrofidagi spekulyatsiya va keyingi inqirozni anglatadi.

Mavzuga oid