Jahon | 09:44 / 17.11.2025
1885
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya migratsiya siyosatini jiddiy tarzda kuchaytirmoqda

Endilikda Buyuk Britaniyada qochqinlar faqat 20 yil davomida mamlakatda yashagandan keyingina doimiy yashash uchun ruxsatnoma olish uchun ariza topshirishi mumkin bo‘ladi. Qochqin maqomi har 30 oyda qayta tekshirib boriladi.

Foto: Nicolas Economou / Shutterstock

Buyuk Britaniya o‘zining migratsiya siyosatini sezilarli darajada kuchaytiryapti. Xususan, qochqinlar faqat 20 yil davomida mamlakatda yashagandan so‘nggina yashash uchun ruxsatnoma olish haqida iltimosnoma berishi mumkin, deb ma’lum qilgan Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud 16 noyabr kuni chop etilgan The Sunday Times gazetasiga bergan intervyusida.

Qayd etilishicha, tegishli qonun qabul qilinganidan so‘ng, yangi qoidalar Buyuk Britaniyaga noqonuniy yo‘llar bilan, masalan, qayiqlarda yoki yuk mashinalarida kelib, keyin boshpana so‘raydigan muhojirlarga, shuningdek vizasi amal qilish muddati tugagandan keyin boshpana so‘rab murojaat qiladiganlarga taalluqli bo‘ladi.

Shu tariqa, Buyuk Britaniya yashash uchun ruxsat olish imkonini kutish muddati bo‘yicha Yevropada eng uzoq muddatga ega davlatga aylanadi. Hozircha bu ko‘rsatkich bo‘yicha Daniya birinchilikni egallab turibdi, u yerda bunday imkoniyat uchun sakkiz yil kutish kerak. Birlashgan Qirollikka qonuniy yo‘l bilan kelgan boshpana so‘rovchilar uchun esa mamlakatda doimiy yashash uchun ruxsatnoma so‘rashi mumkin bo‘lgan chegara – 10 yilni tashkil qiladi.

Shabana Mahmud, shuningdek, boshpana so‘rovchilariga moddiy ko‘mak ko‘rsatish majburiyatini qonundan chiqarib tashlash niyatida. O‘zini mustaqil ravishda ta’minlashga qodir bo‘lsa-da, buni qilmayotganlar ijtimoiy uy-joy va nafaqalardan mahrum etiladi. Huquqbuzarlik sodir etganlar ham davlat yordamidan mahrum bo‘ladi.

Qochqin maqomi har 30 oyda qayta ko‘rib chiqiladi, deb ta’kidlagan Mahmud. Xavfsiz deb topilgan davlatlardan kelganlar o‘z vataniga qaytariladi. Uning kuzatishicha, "boshpana olganlarning ko‘pchiligi oxir-oqibat Britaniyada butun umrga qolgan".

2005 yilda leyboristlar hukumati tomonidan qabul qilingan hujjatga binoan, qochqinlar Buyuk Britaniyada besh yil yashagandan so‘ng umrbod yashash uchun ruxsatnoma so‘rash huquqiga ega. Bu hujjat ularga imtiyozlar va ijtimoiy to‘lovlar olish huquqini beradi hamda keyinchalik fuqarolik olish yo‘lini ochadi.

Agar Buyuk Britaniya hukumati tobora kuchayayotgan noqonuniy migratsiya muammosi bilan jiddiy shug‘ullanmasa, mamlakat xavf ostida qoladi, deya ogohlantirgan Birlashgan Qirollik ichki ishlar vaziri. "Men ko‘ryapman – va hamkasblarim ham buni ko‘rayotganiga ishonaman – noqonuniy migratsiya yurtimizni parchalamoqda. Leyboristlar hukumati sifatida bizning vazifamiz – mamlakatimizni birlashtirish, agar bu muammoni hal qilmasak, o‘ylaymanki, yurtimiz yanada kuchliroq bo‘lingan holatga kelib qoladi", — deb ta’kidlagan Shabana Mahmud jurnalistlar bilan suhbatda.

2025 yil yanvardan iyungacha bo‘lgan davrda Buyuk Britaniyada 111 ming kishi boshpana so‘rab murojaat qilgan. Yanvardan mart oxirigacha esa shu jarayon doirasida qirollikda 172 798 kishiga yashash uchun ruxsat berilgani haqida The Sunday Times gazetasi yozadi.

Mavzuga oid