O‘zbekiston | 10:28 / 17.11.2025
8203
2 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassislar Toshkentda havo sifati yomonlashgani yuzasidan aholini ogohlantirdi

2025 yil 16 noyabr kuni soat 20:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahridagi atmosfera havosida PM10 va PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori sanitar me’yorlardan bir necha barobar oshib ketdi. Mutaxassislar aholini ochiq havodagi faollikni cheklash va niqob taqish kabi ehtiyot choralariga rioya etishga chaqirmoqda.

Foto: Kun.uz

2025 yilning 16 noyabr kuni soat 20:00 holatiga atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi bo‘yicha avtomatik stansiyalar ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi havo sifati keskin yomonlashgani qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra:

  • PM10 mayda dispersli zarrachalar miqdori 373 mkg/m³ni tashkil etdi, bu ro‘yxatdan o‘tkazilgan ruxsat etilgan me’yor (REM – 300 mkg/m³)dan 1,2 marta yuqori;
  • PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 202 mkg/m³ga yetdi, bu esa REM (60 mkg/m³)dan 3,4 marta oshgan.

Ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan ruxsat etilgan me’yorlar bilan solishtirib baholangan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ko‘rsatkichlarning keskin oshishiga haroratning o‘zgarishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Harorat keskin o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqaradi, bu esa mayda zarrachalarning pastki havo qatlamlarida to‘planishiga va atmosfera havosida ularning konsentratsiyasi oshib borishiga sabab bo‘ladi.

Ogohlantirish: ma’lum qilinishicha, bunday ob-havo va atmosfera sharoiti respublika bo‘ylab bir necha kun davomida saqlanib qolishi mumkin. Shu munosabat bilan aholi va poytaxtga kelgan mehmonlarga quyidagi tavsiyalar berilmoqda:

  • ochiq havodagi jismoniy faollikni imkon qadar qisqartirish;
  • tashqariga chiqqanda, ayniqsa, yo‘l yoqalarida va tig‘iz joylarda niqob (maska) taqish;
  • bolalar, keksalar, yurak-qon tomir yoki nafas yo‘llari kasalliklari bor shaxslarning havo iflosligi yuqori bo‘lgan paytlarda ko‘chada uzoq vaqt yurishini cheklash.

Mutaxassislar bunday sharoitda, ayniqsa, ertalab va kechki paytlarda, havo harakati sustlashganda zarrachalar konsentratsiyasi yuqoriroq bo‘lishi mumkinligini qayd etib, aholidan havo sifati bo‘yicha rasmiy axborot va tavsiyalarga amal qilishni so‘ramoqda.

Mavzuga oid