Ta’lim | 14:36 / 17.11.2025
2118
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek talabalari uchun Hindistonda o‘qish imkoniyatlari kengayadi

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston madaniy aloqalar kengashi (ICCR) bosh direktori K. Nandini Singla bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zbek talabalari uchun Hindiston oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyatlarini kengaytirish, kvotalarni oshirish va yo‘nalishlar ro‘yxatini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston madaniy aloqalar kengashi (Indian Council for Cultural Relations – ICCR) bosh direktori K. Nandini Singla bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar ko‘p qirrali madaniy-gumanitar hamkorlikni, shu jumladan, ta’lim va akademik almashinuv sohasidagi sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilab oldi.

Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyihalar esga olindi. Xususan, O‘zbekistonning «Sabo» raqs ansambli va «So‘g‘diyona» milliy cholg‘u asboblari orkestrining Hindistondagi gastrollari mahalliy tomoshabinlar uchun katta va unutilmas madaniy voqeaga aylangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga, kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

– Biz oddiy hamkorlar emasmiz, balki umumiy ma’naviy ildizlar bilan bog‘langan xalqlarmiz. Madaniyat har doim o‘zaro munosabatlarimizga chuqur oziqlantiruvchi muhit bag‘ishlab kelgan, – deya ta’kidladi elchi Sardor Rustamboyev.

O‘zbekiston tomoni qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Jumladan:

  • taniqli o‘zbek raqs jamoalari va an’anaviy qo‘shiq ijrochilarining Hindistonda gastrollarini tashkil etish;
  • Hindiston shaharlaridagi galereya va ko‘rgazma maydonchalarida o‘zbek rassomlari va hunarmandlarining ko‘rgazmalarini uyushtirish;
  • o‘zbek va hind tillarini o‘zaro o‘rganish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni faollashtirish.

Alohida tartibda o‘zbek talabalari uchun Hindiston oliy ta’lim muassasalarida ajratilayotgan kvotalar sonini oshirish va mutaxassisliklar ro‘yxatini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu tashabbus xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi urg‘ulandi.

ICCR bosh direktori K. Nandini Singla ikki tomonlama madaniy hamda ilmiy-akademik aloqalarning jadal rivojlanayotganini yuqori baholadi. U ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirib, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini izhor etdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida madaniy va akademik almashinuvlar bo‘yicha sa’y-harakatlarning yangi bosqichiga o‘tish yuzasidan kelishib oldi. Uzoq muddatli va samarali hamkorlikni ta’minlash maqsadida qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar rejasini ishlab chiqish imkoniyati muhokama etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid