Jahon | 14:44 / 17.11.2025
1928
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hududlarida simli internetda yirik nosozlik kuzatilmoqda

Mutasaddilar internetdagi yirik nosozlikka "mag‘istral kanalning shikastlanishi" degan rasmiy izohdan shubhalanishmoqda. Uzilish xarakteri bu oddiygina kabel uzilishi emasligini ko‘rsatmoqda, deb yozadi Digital Report.

Foto: The Moscow Times

Rossiyaning qator hududlarida ikkinchi kundirki, "Rostelekom" kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan simli internet xizmatida jiddiy muammolar kuzatilmoqda. Downdetector servisi ma’lumotlarga ko‘ra, 15 noyabr kuni eng ko‘p shikoyatlar Vladimir, Ivanovo, Kostroma va Yaroslavl viloyatlari aholisidan kelib tushgan. Internet yo‘qligi haqida Murmansk viloyati, Yamalo-Nenets avtonom okrugi va Krasnodar o‘lkasidan ham xabar berilgan.

16 noyabr kuni tun va tong paytida "Rostelekom" internetiga oid muammolar haqida Mariy El, Udmurtiya, Amur, Belgorod, Kursk, Nijniy Novgorod, Pskov, Samara va Chelyabinsk viloyatlaridagi foydalanuvchilar ham shikoyat qilgan, deb xabar beradi The Moscow Times.

Telegram’dagi Sota kanali yozishicha, abonentlarning aksariyat qismida faqat "oq ro‘yxat"da bo‘lgan resurslargina ochilgan.

76.ru Yaroslavl nashri ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy aholi provayder qurilmasi orqali ishlaydigan teleko‘rsatuvlar signali yo‘qolganidan ham norozi.

"Rostelekom" esa Markaziy federal okrugning to‘rt hududida – Vladimir, Ivanovo, Kostroma va Yaroslavl viloyatlarida internet aloqasining yo‘qolishini "Kommersant" nashri va Vladimirdagi "Zebra TV"ga Yaroslavl viloyati hududida "uchinchi shaxslar" tomonidan mag‘istral kanal shikastlanishi bilan izohlagan. Kompaniyaga ko‘ra, 16 noyabr tongiga kelib barcha ishlar yakunlangan va aloqa tiklangan.

Murmanskdagi TV-21 telekompaniyasi sayti ham "Rostelekom" vakillarining "mag‘istral liniyadagi avariya tufayli internet tarmog‘iga kirishning biroz sekinlashishi" bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilgani haqidagi so‘zlarini keltirgan.

Shu bilan birga, uzilish xususiyati bu faqatgina kabel uzilishi emasligini ko‘rsatib turibdi, deb ta’kidlaydi sohaga ixtisoslashgan Digital Report nashri:

"Uzilishning eng asosiy o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, ko‘plab foydalanuvchilarda tarmoqqa kirish butunlay yo‘qolmadi, balki keskin cheklandi. Jahon tarmog‘iga chiqish imkoni qolmadi, biroq Raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlangan ijtimoiy ahamiyatga ega resurslar ro‘yxati – 'oq ro‘yxat'dan bo‘lgan saytlar ochilishda davom etdi".

Nashr fikricha, bunday "tanlangan holda" kirish tartibi "suveren Runet" haqidagi qonunda nazarda tutilgan ssenariylardan biri hisoblanadi.

"Hozircha uzilish tarmoqni 'izolyatsiya qilish' bo‘yicha omadsiz o‘quv mashqlarining natijasimi, tarmoqni filtrlash haqida markazlashgan ko‘rsatmami yoxud tahdidlarga qarshi texnik choralar vositalari uskunalarining keng ko‘lamli ishdan chiqishi oqibatimi, bular aniq emas", — degan xulosaga keladi Digital Report.

Mavzuga oid