Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda suv obektlarining davlat tilidagi ro‘yxati tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan, respublika bo‘ylab 130 ta suv obekti: daryolar va soylar, ko‘llar va buloqlar, sharsharalar va suv omborlarining davlat tilidagi nomlari tasdiqlandi. Ro‘yxatda yangi gidronimlar ham bor: Sassiqsoy nomi Sho‘rsuv deb, Gaiston sel suv ombori Yangiqo‘rg‘on deb, Jinnidaryo esa Zo‘g‘atasoy deb o‘zgartirildi.
Foto: Kun.uz
“Suv xo‘jaligi sohasidagi ayrim geografik obektlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, O‘zbekistondagi ayrim daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Ro‘yxatdan jami 130 ta suv obekti joy olgan. Ularning katta qismi ruscha shakldan o‘zbekchaga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, nom o‘zgarishlari ham bor: masalan, Uychi tumanidagi Sassiqsoy nomli sel suv ombori bundan buyon Sho‘rsuv, Yangiqo‘rg‘ondagi Gaiston sel suv ombori – Yangiqo‘rg‘on, Kitob tumanidagi Jinnidaryo nomli daryo Zo‘g‘atasoy deb ataladi.
Ro‘yxatdagi obektlarning nomi bundan buyon normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, ish yuritish hujjatlari va xizmat yozishmalarida ushbu qaror bilan tasdiqlangan shaklda yoziladi.
2 oy muddatda tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlarida o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini ta’minlash vazifasi mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda respublika bo‘ylab 320 ta temiryo‘l obektlari (vokzallar, stansiyalar va raz’yezdlar) nomlari ham davlat tili qoidalariga muvofiqlashtirilgan edi.
Bir necha avval esa tog‘lar, tog‘ tizmalari, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlar nomlarini davlat tiliga moslashtirishga oid qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
Iyul oyida Geografik obektlarning klassifikatori tasdiqlangan. Shuningdek, Ko‘cha nomi va ko‘chmas mulk obekti raqami ko‘rsatkichini o‘rnatish tartibi belgilangan.
Hukumatning boshqa bir qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran turar joy majmualarini qurishda obektning nomi davlat tilida bo‘lishi talabi qo‘yiladi. Bino pasporti, peshlavhasi, qurilish maydoni atrofidagi vaqtincha devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar ham o‘zbek tilida bo‘lishi lozim.
Mavzuga oid
20:46 / 21.11.2025
“Bu siyosiy o‘yin” – ekspertlar Rossiyadan “daryo tortib kelish”ga nima deydi?
07:16 / 18.11.2025
Sayyoraning eng qudratli 30 daryosi: Amazonka mutlaq yetakchi
07:30 / 12.11.2025
Bir qit’adan boshqasiga: ulkan daryolar xaritasi
07:55 / 26.10.2025