Jahon | 13:14 / 18.11.2025
3113
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sobiq bosh vazir Kasyanov "terrorchilar" ro‘yxatiga kiritildi

Mixail Kasyanov Rossiyada jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan "Rossiya Urushga qarshi qo‘mitasi" tarkibiga kiradi. Endi Rosfinmonitoring uni "terrorchilar va ekstremistlar" ro‘yxatiga kiritdi.

Mixail Kasyanov Foto: Anton Belitskiy / Global Look Press

Rosfinmonitoring tuzadigan "terrorchilar va ekstremistlar" ro‘yxatiga Rossiyaning sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov va iqtisodchi Sergey Guriyev kiritildi. Ro‘yxat navbatdagi marta to‘ldirilgani haqida idora 17 noyabr kuni o‘z saytida xabar berdi. Shu kuni mazkur ro‘yxatning "Qo‘shilganlar" bo‘limida jami 24 ta familiya qayd etilgan bo‘lib, butun ro‘yxat bo‘yicha esa 19 131 nafar jismoniy shaxs va 823 ta tashkilot mavjud.

Ham Kasyanov, ham Guriyev Rossiyadan ketib bo‘lgan, ikkalasi ham bundan oldin "chet el agentlari" deb e’lon qilingan va "Rossiya Urushga qarshi qo‘mitasi" tarkibiga kiradi. Uning a’zolariga nisbatan oktyabr oyida "hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish" va "terroristik jamoa tashkil etish" moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Mixail Kasyanov 2000 yil mayidan 2004 yil fevraligacha Rossiya hukumatini boshqargan, ungacha esa Moliya vazirligiga rahbarlik qilgan. 2010 yilda u Boris Nemsov, Vladimir Rijkov va Vladimir Milov bilan birgalikda "Qonunbuzarlik va korrupsiyasiz Rossiya uchun" koalitsiyasiga asos solgan. Keyinchalik u "Xalq erkinlik partiyasi"ga (PARNAS) aylangan, 2023 yil may oyida esa Oliy sud qarori bilan tugatilgan.

Sergey Guriyev 2004–2013 yillarda Rossiya Iqtisodiy maktabining rektori bo‘lgan. 2013 yil boshida u "YuKOSning ikkinchi ishi" doirasida so‘roqqa chaqirilgan, uyida tintuv o‘tkazilgan, shundan so‘ng Guriyev Fransiyaga jo‘nab ketgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid