Jahon | 07:16 / 18.11.2025
10825
3 daqiqa o‘qiladi

Sayyoraning eng qudratli 30 daryosi: Amazonka mutlaq yetakchi

Daryolar - qit’alar bo‘ylab chuchuk suvni tashiydigan va butun boshli ekotizimlarni shakllantiradigan sayyoraning arteriyalaridir.

Foto: Dmitriy Kandinskiy / Shutterstock / FOTODOM

Yangi infografikada dunyodagi eng qudratli 30 ta daryo o‘rtacha suv sarfi bo‘yicha saralangan holda taqdim etilgan.

Sekundiga 224 000 kub metr suv sarfi bilan Amazonka okeanga keyingi reytingdagi to‘rtta daryo birgalikda quyadigan suvdan ham ko‘proq suv quyadi. Agar uni nasos deb tasavvur qilsak, u har soniyada 83 ta olimpiya standartlaridagi basseynni to‘ldirishi mumkin bo‘lar edi.

Hatto eng quruq oylarda ham Amazonka shunday miqdorda suv tashiydiki, boshqa yirik daryolar bunga faqat eng yuqori toshqin davrlaridagina yetisha oladi. Bu esa uning jahon gidrologik tizimidagi o‘ziga xos, noyob o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi.

Agar Janubiy Amerikada shubhasiz chempion — Amazonka bo‘lsa, Osiyo qolgan birinchi o‘nlikda ustunlik qiladi. Gang–Braxmaputra–Megna, Yanszi, Yenisey va Lena daryolarining suv sarfi sekundiga 18 000 kub metrdan oshadi.

Visual Capitalist

Ular bo‘ylab jadal iqtisodiy o‘sish kechayotgani daryolarning suv rejimi barqarorligini o‘ta muhim qiladi. Hindistonning don yetishtirish kamaridagi sug‘orishdan tortib, Xitoy sanoat yuragidagi gidroenergetikagacha — Osiyo buyuk daryolari oziq-ovqat va energetika xavfsizligining hayotiy arteriyalari bo‘lib qolmoqda.

Afrika giganti Kongo esa birinchi beshtalikka kirgan qit’aning yagona vakili bo‘lib, uning sekundiga 41 400 kub metr suv sarfi ekvatorial o‘rmonlar oqimni qanday qilib yagona o‘zanga to‘plab, yo‘naltirayotganini ko‘rsatadi.

Shimoliy Amerikadagi Missisipi va Sen Lavrentiy daryosi katta havzalarning mo‘’tadil yog‘ingarchilik bilan birgalikda qay tarzda ta’sirchan, biroq baribir nisbatan kamtarroq suv oqimini vujudga keltirishini namoyon qiladi. Shu bilan birga Yevropadagi Volga va Dunay ham ro‘yxatga kiradi, bu esa qit’aning mo‘’tadil iqlimi va to‘g‘onlar hamda suv resurslarini tartibga solishning murakkab tarmoqlarini aks ettiradi.

Okeaniyadagi Flay, Mambraamo va Sepik daryolari o‘zining nisbatan kichik havzalaridan kutilgandan ancha yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etadi, bu esa Yangi Gvineyaning juda kuchli yomg‘irlari hisobiga yuz beradi. Bu holat mahalliy iqlim ba’zan geografik xususiyatlardan ustun kelishi mumkinligini eslatib turadi.

Ma’lumot uchun, davlatlar daryoning asosiy o‘zani bo‘ylab ko‘rsatilgan, butun havza maydoni bo‘ylab emas. Qo‘shimcha daryolarning suv sarfi alohida keltirilmaydi — ularning hissasi asosiy daryo tizimi umumiy oqimiga allaqachon kiritilgan. Asosiy daryo deb dengiz, okean yoki yopiq suv havzasiga (masalan, Kaspiy dengiziga) quyiladigan daryo tushuniladi, qo‘shimcha daryolar esa boshqa daryolarga quyiladi.

Mavzuga oid