O‘zbekiston | 13:13 / 19.11.2025
1853
3 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya shartlarini buzgan tadbirkorlarga yer bo‘yicha imtiyozlar qisqaradi

Qonunchilik palatasida davlat bojiga oid qonunga o‘zgartish kiritish taklif etildi. Unga ko‘ra, investitsiya majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlarning yer uchastkalaridan foydalanish huquqini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qiladigan maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Foto: iStock

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 9-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab yer ajratish jarayonida belgilangan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarmayotgani, yerdan samarasiz yoki noqonuniy foydalanish holatlari uchrayotgani bu sohada qo‘shimcha huquqiy mexanizmlar joriy etish zaruratini keltirib chiqardi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari tadbirkorlik sub’yektlari investitsiya bitimi shartlarini buzgan hollarda ularning yer uchastkalaridan foydalanish huquqini bekor qilish to‘g‘risida iqtisodiy sudlarga da’vo arizasi kiritganda davlat bojini to‘lashga majbur. Bu esa direksiyalarning asosiy vazifalarini bajarishiga, hududiy sanoat salohiyatini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan resurslarning qisqarishiga olib kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga shunday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqdaki, unga muvofiq maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari investitsiya majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik sub’yektlarining yer uchastkalaridan foydalanish huquqini bekor qilish yuzasidan iqtisodiy sudlarga kiritadigan da’vo arizalari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida undagi normalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilgan, huquqni qo‘llashda tushunmovchiliklar va kolliziyalarning oldini olish, yer muhofazasi hamda undan foydalanish bo‘yicha barcha majburiyatlarni to‘liq aks ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat qabul qilinishi natijasida yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qilmagan, investitsiya shartlarini buzgan tadbirkorlar uchun yer bo‘yicha mavjud imtiyozlar amalda keskin qisqaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid