Jahon | 11:12 / 19.11.2025
4565
7 daqiqa o‘qiladi

“Saddam va Qazzofiy yadro quroli bo‘lmagani uchun yiqitilgan edi” – Rabbimov

AQSh–Saudiya munosabatlarida yadroviy bitimning paydo bo‘lishi – ayniqsa Isroil uchun yaxshi yangilik emas. Chunki AESga ega bo‘lishni yadro quroli tomon qo‘yilgan birinchi qadam deb hisoblovchilar bor. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov ushbu mavzuda so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning Oq uyga tashrifi doirasida AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasida fuqarolik maqsadlariga qaratilgan yadroviy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralar yakunlanib, tegishli deklaratsiya imzolandi.

Bu kelishuvni “Ar-Riyod ham kelgusida yadro quroli uchun zamin tayyorlamoqchi” deb talqin qilish mumkinmi?

Shavkat Ikromov, Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert:

Saudiya Arabistonining AQSh bilan yadro texnologiyalari bo‘yicha hamkorlikka intilayotgani – tashrif davomida eng ko‘p e’tibor qaratilgan masalalardan biri bo‘ldi. Chunki tashrifdan avval ham Saudiya fuqarolik maqsadlarida yadro texnologiyalarini rivojlantirishga katta sarmoya kiritishga tayyor ekani aytilgan edi. AQShning 1954 yildagi “Atom energiyasi to‘g‘risida”gi qonunining 123-bandida qoidalar mavjud. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar boshqa davlatlarga fuqarolik yo‘nalishidagi yadro texnologiyalarini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishi mumkin. Ammo shu bandda uranni boyitish jarayoni harbiy maqsadlarga – xususan, yadro quroli yaratishga yo‘naltirilishi aniqlansa, hamkorlik to‘xtatilishi shartligi qat’iy belgilangan.

Shuningdek, 123-band AQShga Saudiya Arabistoni hududida yadro obektlarini yoki hatto yadro kallaklarini joylashtirish imkoniyatini ham nazariy jihatdan beradi. Biroq bu masala amaliy darajada kun tartibida turgani ayon emas. Saudiya Arabistonining o‘zi ham hozir mintaqaviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan harbiy salohiyatini oshirishga intilayotgani sir emas. Riyodning ambitsiyalari – qiruvchi samolyotlar xaridi, mudofaa tizimini kuchaytirish, Isroil, Eron va Turkiya bilan murakkab munosabatlar fonida strategik imkoniyatlarni kengaytirishdan iborat.

Shu bilan birga, Saudiyaning “Nigoh 2030” dasturi ekologik toza iqtisodiyotni rivojlantirish, barqaror energiya manbalariga o‘tish va harbiy sohani ham zamonaviy, xavfsiz texnologiyalar asosida qayta qurishni ko‘zda tutadi. Shu bois yadro quroli yaratish ushbu tamoyillarga mos kelmaydi va rasmiy hujjatlarda bunday maqsad qo‘yilmagan.

Shunga qaramay, ayrim ekspertlar Saudiya Arabistoni Isroil bilan yadro dasturi bo‘yicha hamkorlik ehtimolini ham ko‘rib chiqayotgani, yoki hech bo‘lmasa bu mavzuda maslahatlar boshlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Saudiya Arabistoni hozircha faqat fuqarolik maqsadlarida uranni boyitish va yadro texnologiyalarini rivojlantirish uchun AQSh bilan hamkorlikka intilmoqda. AQSh qonunchiligida bunga imkon beradigan me’yor mavjud. Ammo hamkorlik faqat tinch maqsadlarda davom ettirilishi belgilangan: harbiy yo‘nalish, ayniqsa yadro quroli yaratish bo‘yicha harakatlar esa hamkorlikni zudlik bilan to‘xtatadi.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

— Hozir Yaqin Sharqda yadro quroliga ega yagona davlat – Isroil. Undagi yadro kallaklarining aniq soni noma’lum, u hech qachon rasmiy sinov ham o‘tkazmagan. Biroq yadroviy potensial mavjudligi haqida xalqaro hamjamiyatda shubha yo‘q. Bu imkoniyatning shakllanishida Fransiyaning de Goll davridagi yordami muhim rol o‘ynagan.

Yadro quroliga ega bo‘lish bugungi xalqaro siyosatda o‘ziga xos “kafolat” vazifasini bajarmoqda. Liviya rahbari Muammar Qazzofiy va Iroq yetakchisi Saddam Husayn yadro quroliga ega emas edi va ular hokimiyatdan ag‘darildi. Ammo Shimoliy Koreya yadroviy arsenalga egaligi uchun unga qarshi keskin chora ko‘rilmayapti – u provokatsiya qilsa ham, mintaqada millionlab insonlar hayotiga xavf tug‘dirishi sababli davlatlar ehtiyotkorlik bilan yondashadi.

Yadro quroliga ega bo‘lish jarayoni juda soddalashtirilgan holda uch bosqichdan iborat. Birinchi qadam – tinch maqsadlar uchun atom elektr stansiyalarini qurish va yadroviy texnologiyalarga egalik qilishdir. Bugungi kunda Yaqin Sharqda Isroildan tashqari bir nechta davlat aynan shu yo‘nalishda faol harakat qilmoqda: bular Eron, Turkiya va Saudiya Arabistoni. Eron – global hamjamiyat roziligisiz yadroviy dastur yuritgani uchun sanksiyalar ostida. Turkiya – Rossiya bilan hamkorlikda Akkuyu atom elektr stansiyasini barpo etmoqda. Anqara va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan 2015–2020 yillarda ham bu loyiha to‘xtatilmagan.

Saudiya Arabistoni – kelajakda atom stansiyasi qurish orqali texnologik asos yaratishni istamoqda. Ayrim tahlillarga ko‘ra, bu Isroilga siyosiy signal sifatida ham qaralishi mumkin.

Shuningdek, BAA va Misr ham uzoq muddatli istiqbolda yadroviy texnologiyalarga ega bo‘lishni orzu qilayotgan davlatlar qatorida tilga olinadi. Buning sababi – mintaqada faqat Isroilning yadro qurollanishi kuchlar muvozanatini izdan chiqarib qo‘ygani, shu bois boshqa davlatlar ham strategik tenglashuvni istashi mumkin.

Isroil mintaqadagi hech bir davlatda hatto AES bo‘lishini ham istamaydi. Shunga qaramay, kechagi uchrashuvda Donald Tramp Saudiya Arabistoniga AES qurib berish ehtimolini tilga oldi. Avval u: “Saudiya dunyodagi eng neftga boy davlat, ularga AES nega kerak?” degan bo‘lsa, keyinroq: “Agar kelishsak, qurib beramiz”, deb ochiq aytdi.

Saudiya AESni faqat fuqarolik maqsadida ishlatmoqchi bo‘lsa ham, Isroilning xuddi Eronga bo‘lgani kabi bevosita hujum qilish ehtimoli kam, chunki stansiyani AQSh quradi. Qatar misoli shuni ko‘rsatadiki, AQShga yaqin davlatlarga Isroil bir tomonlama zarba bera olmaydi, bunday holatda Vashingtonning pozitsiyasi hal qiluvchi bo‘ladi. Agar AESni AQSh qurib bersa, Isroilning har qanday noroziligi oldindan cheklanadi.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid