Jahon | 19:09 / 19.11.2025
7735
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aeroportlarida migratsiya nazorati punktlari ishga tushirildi

Punktlar Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi, Qozon, Novosibirsk, Krasnoyarsk, Yekaterinburg va boshqa yirik shaharlar aeroportlarida ochilgan. Bunday punktlarning asosiy vazifasi migratsiya qonunchiligini buzayotgan chet elliklarni aniqlashdir.

Rossiyaning eng yirik aeroportlarida dastlabki 12 ta migratsiya nazorati punkti ish boshladi. Ularning asosiy vazifasi migratsiya qonunchiligini buzgan chet el fuqarolarini aniqlashdan iborat, deb xabar berdi IIV rasmiy vakili Irina Volk.

Punktlar Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi, Qozon, Novosibirsk, Krasnoyarsk, Yekaterinburg va boshqa yirik shaharlar aeroportlarida ochilgan.

Volkning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya IIV Migratsiya xizmati va Rossiya IIV Transport bosh boshqarmasining muvofiqlashtiruvchi roli ostida ichki ishlar organlarining migratsiya nazorati punktlari chegaraoldi temir yo‘l stansiyalarida, suv va avtomobil o‘tkazish punktlari yaqinida ham ochiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday punktlarning asosiy vazifasi migratsiya qonunchiligini buzayotgan chet elliklarni aniqlashdir.

Aprel oyida prezident Vladimir Putin Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarma negizida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Fuqarolik va chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish xizmatini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, yangi xizmat «migratsiya jarayonlari bilan bog‘liq masalalarni yanada samarali hal qilish, ularni qayta ishlashni tezlashtirish va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilash» imkonini beradi.

Mavzuga oid