O‘zbekiston | 15:35 / 20.11.2025
1538
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat korxonalari faoliyati samaradorligi oshiriladi

2026 yilda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda mahsulot tannarxini kamaytirish hamda faoliyat samaradorligini oshirish asosiy vazifa etib belgilandi. Bu maqsadda xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish va tejamkor ishlab chiqarish tamoyillarini joriy etish rejalashtirilgan.

Illyustrativ foto

“Davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoyishi (F–59-son, 18.11.2025 y.) qabul qilindi.

Hujjatni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — 2026 yil davomida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda mahsulot tannarxini kamaytirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish hamda mehnat unumdorligini ko‘tarishdan iborat.

Farmoyishga muvofiq, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab qo‘yildi, jumladan:

🔹 xarajatlarni har chorakda qayta tahlil qilish (spending review) orqali kelgusi davrdagi har bir yo‘nalish ustuvorligidan kelib chiqib budjetni to‘liq “noldan” qayta ko‘rib chiqish;
🔹 tejamkor ishlab chiqarish va me’yorlash tamoyillarini joriy etish.

Shuningdek, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi.

Komissiyaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:

🔸 davlat korxonalariga xarajatlarni maqbullashtirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha dasturlar tayyorlashda metodologik yordam ko‘rsatish;
🔸 to‘lov tizimini takomillashtirish orqali debitor va kreditor qarzdorliklarni kamaytirish.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar davlat korxonalari moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ularning raqobatbardoshligini oshirish va budjet mablag‘laridan samarali foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid