Jahon | 10:24 / 20.11.2025
3000
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp «Epshteyn fayllari»ni oshkor etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

AQSh prezidenti Donald Tramp imzolagan qonun hukumatni 30 kun ichida Jyeffri Epshteyn ishiga oid barcha materiallarni oshkor etishga majbur qiladi.

Foto: Win McNamee/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng Epshteyn ishi hujjatlariga oid ochiqlik (Efta) to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ushbu qonun Tramp ma’muriyatini hozirda marhum bo‘lgan amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarni ommaga e’lon qilishga majbur qiladi. Tramp qonunni imzolaganini chorshanba, 19 noyabr kuni, Kongressning Oq uy rahbariga bosimi jiddiy darajada kuchayganidan keyin, Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

Bir kun oldin AQSh Kongressi Epshteyn hujjatlarini maxfiylikdan chiqarishga «yashil chiroq» yoqdi. Qonun loyihasi 427 ovoz bilan ma’qullandi, bir nafar respublikachi kongressmen qarshi ovoz berdi. Qonun kuchga kirishi uchun faqat Trampning imzosi yetishmayotgan edi.

Endi mamlakat adliya vazirligi 30 kun ichida Epshteyn ishi bo‘yicha «maxfiy bo‘lmagan barcha yozuvlar, hujjatlar, xatlar va tergov materiallarini» oshkor etishi kerak. Bu, shuningdek, Federal tergov byurosi (FTB) va prokuratura hujjatlariga ham taalluqli. Qonun, shu bilan birga, vazirlikni Epshteynning 2019 yilda federal qamoqxonadagi o‘limi bilan bog‘liq har qanday ma’lumotlarni e’lon qilishga majbur qiladi — taxminlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan. Shuningdek, kelgusida hech qanday materialni «obro‘ga zarar yetishi yoki siyosiy jihati» bahonasi bilan yashirishni taqiqlaydi.

Shu bilan birga, AQSh adliya vaziri Pem Bondi faol federal tergovga yoki davom etayotgan jinoiy ta’qib jarayoniga tahdid solishi mumkin bo‘lgan materiallarni chiqarib tashlash huquqiga ega.

«Demokratlar “Epshteyn” mavzusini, u Respublikachilar partiyasiga qaraganda ularning o‘ziga ancha ko‘proq tegishli bo‘lsa-da, bizning g‘oyat ta’sirli g‘alabalarimizdan e’tiborni chalg‘itish uchun foydalanmoqda», — deb yozdi Tramp qonunni imzolaganini e’lon qilar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda.

AQSh fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlar e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi. Saylovoldi kampaniyasi paytida Donald Tramp ularni ochiqlashga va’da bergan edi, ammo prezidentlik lavozimiga kirishganidan (yanvar oyidan) beri u faqat juda kam sonli va axborot jihatdan deyarli foydasiz hujjatlarni e’lon qilishga ruxsat berdi. Tanqidchilar Trampni o‘ziga nisbatan ehtimoliy aloqadorlikni yashirishga urinmoqda, deb ayblamoqda.

2 sentabr kuni Vakolatlar palatasi Nazorat qo‘mitasi a’zolari Epshteyn ishi bo‘yicha moliyachi merosxo‘rlaridan olingan yangi materiallarni e’lon qildi. Ushbu hujjatlarning ayrimlaridan Tramp marhumning jinoiy faoliyatidan xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi kelib chiqadi.

Sentyabr oyida AQSh Demokratik partiyasi a’zolari, ularning ta’kidlashicha, Donald Tramp tomonidan imzolangan va 20 yildan ortiq vaqt oldin moliyachi Jyeffri Epshteynga yuborilgan tabrik otkritkasi suratini e’lon qildi. «Tramp ikkalasiga aloqador bo‘lgan “ajoyib sir” haqida yozadi. U nimani yashirmoqda? Hujjatlarni e’lon qiling (Epshteyn ishi bo‘yicha — tahr.)», — deb izohladi demokratlar.

Otkritkaning o‘zida ayol kishining siluyeti tasvirlangan bo‘lib, ustida «Jyeffri» va «Donald» o‘rtasidagi dialog matni chop etilgan. U «Tug‘ilgan kuning bilan — va har bir kun yangi ajoyib sir bo‘lsin», degan gap bilan yakunlanadi.

Jyeffri Epshteyn — amerikalik multimillioner va moliyachi. U 2000-yillar boshlarida AQShda voyaga yetmagan qizlarga nisbatan ko‘plab jinsiy tajovuzlarda ayblangan. 2019 yilda u Nyu-Yorkdagi qamoqxona kamerasida o‘lik holda topilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Epshteyn o‘z joniga qasd qilgan. AQShda ko‘plab odamlar u mashhur jinoiy sheriklari fosh qilinishining oldini olish uchun o‘ldirilgan, deb hisoblaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid