Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaga «koridorlar» va «harbiy Shengen»: YeIning yangi rejasi
Yevropa Ittifoqi harbiy mobillikni oshirmoqda. YeI davlatlari hududi orqali qo‘shinlarni o‘tkazish muddati 45 kundan 3 kungacha, favqulodda holatlarda esa 6 soatgacha qisqartirilishi kerak. Rossiya tajovuzini to‘xtatish uchun Yevropa yana qanday choralar ko‘rmoqchi - DW ma’lumot berdi.
Foto: RIA Novosti / Irina Kalashnikova
Bryusselda bir qator g‘arb razvedka xizmatlari ma’lumotlari asosida shunday taxmin borki, Rossiya yaqin yillarda Yevropa Ittifoqi davlatlariga hujum qilishi mumkin. Shu munosabat bilan YeI o‘z ichida harbiy mobillikni oshirmoqda va mudofaa sanoatini modernizatsiya qilmoqda. «Harbiy Shengen» yaratish va mudofaa innovatsiyalarini rag‘batlantirish rejasini chorshanba, 19 noyabr kuni Bryusselda Yevrokomissiya taqdim etdi.
Yevropa Ittifoqi o‘z hududi bo‘ylab qo‘shinlar va harbiy texnika tashish vaqtini qisqartirishga intilyapti. «Yevropa qurolli kuchlarining tez harakatlanishi Yevropa mudofaasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biz qo‘shinlar zarur paytda, zarur joyda bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak», — dedi Bryusseldagi matbuot anjumanida YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.
Hozir har bir YeI davlatida qo‘shinlarni chegaradan o‘tkazish bo‘yicha o‘z qoidalari bor. O‘rtacha hisobda, bir arizani ko‘rib chiqish 10 kungacha cho‘ziladi, ammo ba’zi bir mamlakatda qo‘shinlar chegaradan o‘tishiga ruxsat berish 45 kungacha vaqt oladi. «Rossiyaning Qrimni qo‘shib olganiga o‘n bir yil bo‘lgan bir paytda bu mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat», — dedi Kallas.
Shu sababli Yevrokomissiya butun YeI hududi bo‘ylab qo‘shinlarni ichki chegaralardan o‘tkazish uchun yagona tartibni ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, arizani ko‘rib chiqishning eng uzoq muddati 3 ish kuni etib belgilanyapti, bojxona rasmiyatchilari esa soddalashtiriladi. Qo‘shinlar, uskunalar va harbiy resurslarni erkin tashish uchun «harbiy mobillik zonasi»ni 2027 yil oxiriga qadar amalda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Kaya Kallas ta’kidlashicha, harbiy mobillik koridorlari Ukrainani ham qamrab olishi ko‘zda tutilgan. «Bu xavfsizlik kafolati bo‘ladi, ya’ni zarurat tug‘ilgan taqdirda, biz yordamni tezroq ko‘rsata olamiz», — dedi u.
Mudofaa bo‘yicha yevrokomissar Andryus Kubilyus aytishicha, Yevrokomissiya Ukrainaga harbiy yuklarni yetkazish uchun harbiy mobillikni oshirish yo‘llarini izlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘laklardan biri Ruminiya va Moldova orqali o‘tishi mumkin. «Biz vaziyatni o‘rganamiz: uni qanday yaxshilash mumkin, qanday yordam kerak, chegaralarda qanday infratuzilma va qoidalarni yaratish lozim», — dedi u matbuot anjumanida.
YeI mansabdorlaridan biri Bryusseldagi texnik brifingda tushuntirishicha, bu — harbiy mobillikni ta’minlashga qaratilgan Yevropa Ittifoqining tarixdagi ilk yuridik majburlovchi dasturi. Va u «haqiqiy harbiy Shengen» — ya’ni Yevropa bo‘ylab milliy armiyalarni erkin va to‘siqsiz harakatlantirish imkonini yaratishga qaratilgan birinchi qadam hisoblanadi.
Harbiy mobillikning etaloni sifatida favqulodda vaziyatlarda tezkor javob berish tizimi ko‘rilyapti. U tezkor tartib-taomillar va YeI yoki NATO doirasida harakatlanayotgan qurolli kuchlar uchun infratuzilmaga ustuvor huquqni nazarda tutadi. «Agar a’zo davlatlar katta miqdordagi qo‘shin va texnikaga nisbatan juda shoshilinch muhtoj bo‘lsa, bizning barcha sa’y-harakatlarimiz shu maqsadga qaratilgan bo‘lishi kerak», — dedi yana bir YeI rasmiysi.
Bu tizim Yevrokomissiya taklifi asosida YeI Kengashi tomonidan faollashtiriladi. Natijada YeI davlatlari qo‘shinlarini chegaradan o‘tkazish haqida faqat xabardor qiladi, ruxsat kutib o‘tirishga to‘g‘ri kelmaydi. Butun jarayon 6 soatdan oshmasligi kerak.
Bunday yo‘l bilan, masalan, harbiylar transport infratuzilmasi va xizmatlardan ustuvor tarzda foydalanishi ta’minlanadi: agar harbiy kema portga kelsa, u fuqarolik kemalariga nisbatan yuk ko‘tarish va tushirish, harbiy texnikani va qo‘shinlarni tashish bo‘yicha birinchilik huquqiga ega bo‘ladi, deb tushuntirildi Bryusselda.
Yevropa Ittifoqi hal qilishni iloji boricha tezlashtirishga intilgan navbatdagi muammo — transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish. «Agar ko‘prik 60 tonnalik tankni ko‘tara olmasa, bizda muammo bor, — deydi Kaya Kallas. — Agar uchish-qo‘nish yo‘lagi harbiy yuk samolyoti uchun juda qisqa bo‘lsa, qo‘shinlar zaxiralarini to‘ldira olmaymiz».
YeI davlatlari infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va transport tarmoqlarini ikkilamchi (fuqarolik va harbiy) maqsadlarga mos standartlarga yetkazish masalasida Yevrokomissiya bilan hamkorlik qilish majburiyatini oladi. «Siz, albatta, bilasiz, ko‘priklarimiz har doim ham harbiy kolonnalar o‘tishi uchun kerakli og‘irlikka chidamli emas, tunnellarimiz esa ba’zan juda tor, — dedi YeI rasmiylaridan biri. — Lekin biz nol nuqtadan boshlamayapmiz, chunki shunday infratuzilma loyihalariga allaqachon mablag‘ sarmoya qilyapmiz, garchi hozircha juda cheklangan miqdorda bo‘lsa-da».
Hozirgacha bu maqsadlarga «Yevropani bog‘lash» (Connecting Europe Facility) dasturi doirasida 1,7 mlrd yevro ajratilgan. Yevrokomissiya 2028–2034 yillarga mo‘ljallangan keyingi ko‘p yillik budjetda shunga o‘xshash loyihalar uchun 17 mlrd yevro ko‘zda tutishni taklif qilgan. Gap Yevrokomissiya belgilagan harbiy transport koridorlari bo‘ylab joylashgan strategik ahamiyatga ega obektlar — ko‘priklar, tunnellar, yo‘llar va boshqa inshootlar haqida ketmoqda. Ularni ikkilamchi maqsadlarga moslashtirish uchun ta’mirlash talab etiladi. Shu yerga NATO a’zo davlatlari xavfsizlik sohasidagi investitsiyalar uchun ajratishga va’da qilgan YaIMning 1,5 foizi ham yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi strategik ikkilamchi infratuzilma obektlari himoyasini kuchaytirish niyatida. Yangi choralar paketi YeI davlatlarini aeroportlar, terminallar, transport uzellari kabi tanqidiy muhim infratuzilma obektlari ro‘yxatini tuzishga va ularni dron hujumlari yoki kiberhujumlar kabi tahdidlardan himoya qilish choralarini ko‘rishga majbur qiladi.
Yevrokomissiya, shuningdek, YeI davlatlari o‘zlarida mavjud quvvatlarni (resurslarni) ro‘yxatdan o‘tkazadigan umumiy hamjihatlik jamg‘armasini tuzishni taklif qilmoqda. Bu jamg‘arma orqali YeIning barcha davlatlari zarur resurslarga — masalan, temiryo‘l platformalari, harbiy yuk tashishga mo‘ljallangan kemalar, tibbiy poyezdlar, o‘q-dorilarni tashish imkoniyatlari va boshqalarga kengroq kirish imkoniga ega bo‘ladi.
«Harbiy mobillik — Yevropa xavfsizligi uchun muhim sug‘urta. Umid qilamanki, uni to‘liq quvvatda ishlatishga to‘g‘ri kelmaydi, ammo uning mavjud bo‘lishiyoq to‘sish va mudofaani mustahkamlaydi», — deya xulosa qildi Kallas matbuot anjumanida.
Uning fikricha, zaiflik Rossiyani agressiyaga undaydi, YeIning harbiy tayyorgarligini oshirish esa to‘suvchi omil bo‘lishi kerak. «Agar biz harbiy mobillik, jangovar shaylik, mudofaa xarajatlarini oshirish va ishlab chiqarish bo‘yicha qadamlar qo‘ysak, Rossiya hujum qilmaydi, chunki biz zaif emasmiz», — dedi u.
Bryusselda ta’kidlanishicha, Ukrainadagi urush harbiy texnologiyalar qurolli to‘qnashuvlar yo‘nalishini qay darajada tez o‘zgartira olishini butun dunyoga ko‘rsatdi. Sun’iy intellekt (AI), kvant tizimlar, dronlar va kosmik texnologiyalar zamonaviy jang maydonini tubdan o‘zgartirmoqda. Mudofaa sohasidagi yangi o‘yinchilar — startaplar va innovatsion kichik hamda o‘rta korxonalar qurol-yarog‘ ishlab chiqish va ishlab chiqarishda yetakchi rol o‘ynamoqda.
Yevropa Ittifoqi texnologik suvereniteti va xavfsizligi bo‘yicha Yevrokomissiya vitse-prezidenti Xenna Virkkunen ta’kidlashicha, Yevropa mudofaa sanoatining transformatsiyasi Ukraina tajribalaridan chiqarilgan saboqlar asosida amalga oshiriladi. Bu YeI o‘z barqarorligini kuchaytirishi va yangi mudofaa «ekotizimi»ni barpo etishi kerakligini anglatadi. Unda tarmoq yetakchilari, innovatorlar va texnologik jamoa birlashib, yangi harbiy salohiyatni tez va samarali ravishda yaratishi lozim.
Alohida e’tibor to‘rtta ustuvor yo‘nalishga qaratiladi: mudofaa kompaniyalariga investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi texnologiyalarni ishlab chiqishni tezlashtirish, mudofaa imkoniyatlariga kirishni kengaytirish va Yevropaning texnologik ustunligini saqlab qolish uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish.
YeI rasmiylaridan birining aytishicha, mudofaa sanoatini qayta yo‘naltirish bo‘yicha yangi reja Ukrainaga, kelajakda YeIga a’zo davlat sifatida, muayyan ustunliklar beradi. Bundan tashqari, Ukraina bilan allaqachon YeI mudofaa innovatsiyalari dasturi (EUDIS) doirasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Turli formatlarda innovatorlar Ukraina Qurolli Kuchlari jang maydonida duch kelayotgan muammolarni hal qilishga yordam bermoqda, endilikda esa Bryussel ushbu g‘oyalarni mudofaa ishlab chiqarishiga tez va samarali joriy etishni taklif qilmoqchi.
Yevrokomissiya harbiy mobillik bo‘yicha yangi reglamentni qabul qilish uchun YeI Kengashi va Yevropa parlamentiga taqdim etadi hamda «YeI mudofaa sanoatini transformatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi»ni darhol amalga oshirishga kirishadi.
Mavzuga oid
23:49 / 06.12.2025
Mask YeIni tugatishga chaqirdi
21:54 / 06.12.2025
Putin dengiz blokadasi bilan tahdid qildi. RF armiyasi bunga qodirmi?
16:15 / 06.12.2025
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44 / 06.12.2025