Jahon | 08:42
1468
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga yirik hujum: kamida 21 kishi halok bo‘ldi

Rossiya qo‘shinlarining Kiyevga raketa va dronlar yordamida uyushtirgan ommaviy hujumi oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida uch nafar bola ham bor. Ukraina poytaxtida 15 may motam kuni deb e’lon qilindi.

Foto: picture alliance

Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 47 kishi jarohat olgan, ularning ikki nafari bolalardir. Kiyev shahar hokimi Vitaliy Klichkoning bildirishicha, jabrlanganlardan 27 nafari shifoxonalarga yotqizilgan.

Kiyevning janubi-sharqidagi Darnitskiy tumanida ko‘p qavatli turar joy binosining bir qismi qulagan. Qutqaruvchilar vayronalar orasidan 28 kishini tirik olib chiqqan.

Shu munosabat bilan 15 may kuni Kiyevda motam e’lon qilindi. Bu kuni shahardagi barcha kommunal binolarda davlat bayroqlari tushiriladi. Davlat va xususiy tashkilotlarga ham bayroqlarni tushirish tavsiya etilgan. Shuningdek, barcha ko‘ngilochar tadbirlar taqiqlangan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa Rossiyaning mazkur hujumi munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirish tashabbusi bilan chiqqanini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukraina fuqarolari va gumanitar xodimlarga qarshi harakatlari xalqaro hamjamiyatning keskin munosabatini talab qiladi.

Hujum natijasida Kiyevning turli hududlarida yong‘inlar va vayronalar kuzatildi. Dnipro tumanida dron parchalari besh qavatli uy tomiga tushib, yong‘in kelib chiqqan. Shuningdek, xususiy uy ham dron zarbasiga uchragan.

Shaharning shimolida esa dron bo‘laklari ko‘p qavatli uyning 12-qavatidagi xonadonga tushib, yong‘in keltirib chiqargan.

Shevchenko, Solomenskiy va Obolon tumanlarida noturar binolar shikastlangan. Solomenskiy tumanida biznes markaz yonidagi avtoturargohda avtomobil yongan. Darnitskiy tumanida esa kichik savdo inshootlari va yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in chiqqan.

Kiyevning Goloseyevskiy tumanida dron bo‘laklari biznes markaz va avtomobil yo‘liga tushgan.

Ukraina Qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lum qilishicha, Rossiya tomonidan boshqa hududlarga ham raketa, dron va boshqariladigan aviatsiya bombalaridan foydalanilgan. Xususan, Xarkiv, Poltava, Sumi, Donetsk, Odessa, Mikolayiv, Dnipropetrovsk va Cherkassi viloyatlari hujumga uchragan.

Ukraina tomonining bildirishicha, 13 maydan avvalgi bir sutka ichida Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab 892 ta dron uchirgan. Ularning 710 tasi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.

Shu bilan birga, Karpatorti viloyati markazi bo‘lgan Ujgorod shahri ham urush boshlanganidan beri ilk bor hujumga uchragani aytildi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid