Jahon | 22:20 / 14.05.2026
1184
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiyaning eng keng ko‘lamli hujumiga javob tayyorlashni buyurdi

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, asosiy muammo Rossiya ballistikasiga qarshi himoyani kuchaytirishdir.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy harbiylarga 13 may va 14 mayga o‘tar kechasi amalga oshirilgan Rossiyaning eng yirik havo hujumiga javob variantlarini tayyorlashni topshirdi. Bu haqda davlat rahbari Oliy Bosh qo‘mondon qarorgohi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

«Ukraina Mudofaa kuchlari va maxsus xizmatlarga Rossiyaning ushbu zarbasiga javob berishimizning ehtimoliy shakllarini taklif etishni topshirdim», deb ta’kidladi Zelenskiy.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, u ukrainalik diplomatlar bilan bugungi kunda havo hujumidan mudofaa uchun raketalarni izlashda turgan vazifalarni batafsil muhokama qiladi.

«Hamma ballistik tizimlarga va ularning raketalariga e’tibor qaratishi kerak. Bu birinchi darajali ustuvor vazifa bo‘lib, xususan, Ukraina diplomatiyasining may-iyun oylaridagi faoliyatini baholash osmonni himoya qilish kuchlarimizning yetarli darajada ta’minlanishiga bog‘liq bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Prezidentning eslatishicha, 13 va 14 may kunlari ommaviy hujumlar chog‘ida rossiyaliklar 1567 ta dron va 56 ta turli xil raketalardan foydalangan. Shu bilan birga, 94 foiz dron va 73 foiz raketa urib tushirilgan.

«Asosiy muammo - ballistika va minglab frontorti infratuzilma obektlari hamda shaharlarimizni himoya qilishdir», dedi prezident.

Shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi, Harbiy havo kuchlari va Mudofaa vazirligiga Ukraina osmonni himoya qilish kuchlarining ehtiyojlarini qondirish va zarur uskunalar, xususan, radarlarni yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

13 may va 14 mayga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan eng katta havo hujumlaridan birini amalga oshirdi. Hujumlarning bir necha to‘lqini asosan Ukraina g‘arbi va Kiyevga qaratildi.

Kiyevda hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni allaqachon sakkiz kishiga yetdi. Poytaxtda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid