Jamiyat | 16:45 / 21.11.2025
13613
15 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda bog‘cha mudirasi MMTB rahbari bilan nega janjallashdi?

Tumanning 35-bog‘cha mudirasi Husniya Abdusamatova Kun.uz’ga janjal sababini tushuntirarkan, MMTB rahbari Sahobiddin Mirzamatov uning lavozimini boshqa shaxsga olib berish istagida turli bosimlar qilganini aytmoqda. U voqea ortidan nohaq ishdan bo‘shatilgani, 1 yildan beri mudiralik maoshini ololmayotgani hamda rasmiylar ayni vaziyatni chuqurroq o‘rganmaganidan norozi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Noyabr boshida tarmoqlarda Ohangaron tumanidagi bog‘cha mudirasi va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari janjallashgani aks etgan videolar tarqaldi.

Toshkent viloyati MMT boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, holat nazoratga olingani hamda ishchi guruh tomonidan o‘rganilganini ma’lum qilgan.

Aytilishicha, holat shu yilning iyul oyida sodir bo‘lgan. Bog‘cha mudirasi Husniya Abdusamatova ish faoliyati davomida turli qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan. Sahobiddin Mirzamatov tomonidan ogohlantirishlar berilganida kamchiliklarni tan olmay, janjalli vaziyatni keltirib chiqargan.

Holat viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganilib, qonunda belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rildi. Jumladan, bog‘cha direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi”, – deyiladi izohda.

Bog‘cha mudirasi va bo‘lim boshlig‘i o‘rtasidagi nizoning sababi nima?

Kun.uz’ga murojaat qilgan Abdusamatova hech qanday ishchi guruh tuzilmagani, vaziyat o‘rganilmagani va asl holat boshqacha ekanini aytmoqda. 2024 yil mart oyidan beri shu bog‘chada ishlab kelayotgan Abdusamatova tahririyatga vaziyatni tushuntirishga urindi.

Men Ohangaron tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 35-bog‘chaga safarbarlik buyrug‘i bilan rahbarlikka tayinlanganman. O‘zi men tadbirkor edim. Oilaviy bog‘cha ishlatar edim. O‘sha mahallada bittagina oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganman. U mahallada bog‘cha yo‘q edi.

Yaxshi ishlab yurgan paytimda o‘zlari bir kun chaqirtirdi. “Mahallangda bog‘cha ochilyapti, o‘sha yerga nomzod yo‘q, sening nomzodingni qo‘yyapmiz”, dedi. “Ha, mayli”, dedim. “Men hali bitirmaganman o‘qishni, diplom olmaganman hali, bitiruvchi kursman. Hali davlat imtihonidan o‘tmadim” desam, “Mayli, bitirguningcha v.b. bo‘lib turasan, keyin o‘tkazamiz direktorlikka”, dedi. Keyin mayli, dedim.

Hujjatlarimning hammasini topshirdim. Imtihon kuni telefon bo‘lyapti tinmay: “boshqarmaga suhbatga bor, sening nomzoding tasdiqlandi” deb. Mening xabarim ham yo‘q. Imtihondan chiqib kech bo‘lganda boshqarmaga kechki payt soat 5:30-6:00 da borganman. Suhbat ham o‘tkazmagan, borganman, tayyor bo‘lgan hujjatlarni imzolaganman. Men ham endi birinchi marta davlat tashkilotida ishlayapman, huquqiy savodxonligim yetishmagani hisobiga o‘sha safarbarlik buyrug‘iga “roziman” deb qo‘l qo‘yib berganman.

Safarbarlik buyrug‘i qanaqa? Mening asosiy joyim boshqa bog‘chada, 26-bog‘chada metodist lavozimidan direktorlikka safarbar qilinganman. Keyin buyruq shunaqa chiqqanki, men o‘zim rozi bo‘lib qo‘l qo‘yib berganmanki, oylik asosiy ish joyidan bo‘lgan. Endi o‘ylang, bir stavka direktorlik lavozimini to‘liq bajaryapman-da, lekin 800 minggina yarim stavka metodistning oyligini olyapman. Qonunda shunaqa mumkinmi? Masalan, bu narsaning xatoligini sud isbotlab berdi. “Xato”, dedi. “Buning bir yillik oyligini to‘lab qo‘yinglar”, dedi. Bir yillik oyligim to‘lanishiga sudning qarori chiqdi.

Lekin o‘shanda boshqarmaga borganimda o‘sha bir yillik oyliklardan voz kechishimni xohlashdi. Aynan “oyligingdan voz kech” demadi-yu, lekin gapni shunga olib boryapti: “Yana ko‘ringlar, murosa qilib gaplashib ko‘ringlar, balki u oyliklardan voz kechar, kerak emas der”, deb aytyapti. Keyin men: “Yo‘q, menga kerak”, dedim. “Mening bir yillik oyligim, ish haqqim, men qancha u yerda ishlaganman, qancha xarajatlar qilganman”, dedim”, – dedi Abdusamatova.

Suhbatdoshga ko‘ra, uning bo‘lim boshlig‘i bilan kelishmovchiligi bog‘cha direktorligi lavozimini olish bilan bog‘liq bo‘lgan. Abdusamatovaning gumon qilishicha, Mirzamatov tumandagi maktablardan birida informatikadan dars beruvchi o‘qituvchiga bog‘cha mudiraligini va’da qilgan.

 

“Hamma qiziqdi shu bog‘chaga nimagadir. Shu bog‘chaning oldida maktabda informatika o‘qituvchisi bor, bitta ayol. Men uni nopedagog demayman, lekin maktabgacha ta’lim sohasining insoni emas. O‘sha ayolga Mirzamatov va’da beribdi: “Men seni shu bog‘chaga rahbar qilaman”, deb. O‘rtasida [bundan boshqa] qanday manfaat bor, chunki manfaatsiz bu darajada bitta odamni ishdan olib o‘rniga boshqani qo‘yish uchun kurashmaydi-da. Bu mening gumonim emas, bu aniq ma’lumot. Men bo‘shaganimdan keyin o‘rnimda u uch oy ishladi. Menga rosa tuhmatlar qildi. “Bolalarni zaharlamoqchi bo‘libdi, voy, men qo‘rqyapman, bog‘chadan keta olmayapman”, deb hammaga gap-so‘z qilib yurdi”, – dedi u.

Mudira nega ishdan bo‘shatilgandi?

Abdusamatovaning ma’lumotiga ko‘ra, Ohangaron tuman prokuraturasi 2025 yil 29 mart sanasi bilan ayolning ustidan taqdimnoma kiritgan. Unga ko‘ra, Abdusamatova Husniya 35-bog‘chaga singlisini tarbiyachi, turmush o‘rtog‘ini o‘t yoquvchi sifatida ishga olgan. Prokuratura “yaqin qarindoshlarni ishga olishi mumkin emas” qabilidagi taqdimnoma bilan mudirani javobgarlikka tortgan, viloyat boshqarmasi esa taqdimnoma asosida Husniyani ishdan bo‘shatgan. Ammo Abdusamatova bu ishlar adolatdan bo‘lmaganini iddao qildi.

Prokuratura meni javobgarlikka torttirgandan keyin, mening u holatlarga kelishimga sababchi bo‘lgan tashkilotlarni ham javobgarlikka torttirishi kerak. Men o‘zimdan o‘zim erimni, singlimni ishga olmaganman. Ikkalasini ham Adliyaning xulosasi bilan olganman. Adliya hech qachon noto‘g‘ri narsa bo‘lsa, xulosa bermaydi. Men uni ichki buyruq yoki boshqa bilan o‘zimcha rasmiylashtirmaganman. Adliyaning xulosasi bilan buyruq chiqarib ishga olganman.

Chekka hududda u, bog‘cha joylashgan hudud chekka hudud. U yerda pedagog yetishmaydi. Shu sabab bilan singlimni u yerga tarbiyachi qilib ishga olishim mumkin. Yaqin qarindoshlarimni qachonki moddiy javobgarlikdagi lavozimlarga ishga olishim mumkin emas, ya’ni hamshira, xo‘jalik mudiri, qorovul – o‘sha lavozimlarga rahbar o‘zining yaqin qarindoshlarini ishga olishi mumkin emas. Lekin singlim pedagog, menga u bevosita bo‘ysunmaydi. O‘rtada metodist bor.

Yozi bilan bizga kotyolchi, santexnik kerak bo‘ldi, u yoqdan suv ketadi, suv chiqmay qoladi, bu bo‘ladi, u bo‘ladi. Mahalladan hech kim kelib tekinga ishlamaydi, chunki yozda oylik to‘lanmaydi. Kim qiladi? Erim qiladi. Keladi, “Mayli endi, xotinim, yuzing-ko‘zing, mahalla-da”, deb, kelib yozi bilan erim tekinga ishlab yurdi. Kerakli, oddiy 30 ming, 20 ming so‘mlik zapchastlar bo‘lsa ham oldi. Zapchastlarni cho‘ntagidan olib kelib, o‘rnatib yurdi. Keyin oxiri qish bo‘ldi. Mahalladan shunda ham nechta odamni [ishga] chaqirdim. Birontasi agar “yo‘q, sen aldayapsan” desa, chiqsin yuzimga tupursin. Butun mahallaga aytib chiqdim: “Kotyolchimisan, kel, bog‘chada ishla”. Keladi, ahvolni ko‘radi, dvuxkonturlar dabdala ishlamaydi, ketadi. Bir yil oldin qishda suv ichida qolib ketgan, yorilib ketgan, suv toshib yotibdi, uni almashtirish kerak. Oxiri erimni ishga olishga majbur bo‘ldim. Bo‘lmasam, menga o‘shani to‘g‘rilab bersin edi. Erim tekinga xarajat qilib yuravermaydi. “Hech bo‘lmasa, oyligimni o‘ziga ishlataman”, dedi. Shuning uchun erimni kotyolchi qilib ishga olganman.

Lekin prokuraturaga hammasini, qilgan xarajatim, videolari, o‘sha dvuxkonturning ichidagi motorlarni sotib olgan cheklarigacha olib borib topshirganman. Prokuratura faqat menga taqdimnoma chiqardi. Nega moliyani javobgarlikka torttirmadi, hokimiyatni, qurilishni torttirmadi? Tashkilot kamchiligini bartaraf qilish ularning ham zimmasida-ku. Maktabgacha ta’lim boshqarmasini javobgarlikka torttirmadi. Hammaning aybini mening yelkamga ildi-da, taqdimnomani chiqardi. O‘zi boshqarma ham o‘lib turgan ekan, taqdimnoma bilan ishdan bo‘shatib yubordi”, – deydi suhbatdosh.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ishdan bo‘shagach Abdusamatova sudga murojaat qilgan. Sud da’voni qanoatlantirib, uni ishga tiklash to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqargan.

Keyin men “noto‘g‘ri bo‘shatildim” deb sudga murojaat qildim. Xudoga ming qatla shukur, yurtimizda adolat bor ekan. Masalan, Ohangaron tuman fuqarolik sudiga men boshimni egaman. Hammasi zo‘r, sudyalari adolatli. Eshitdi, ko‘rdi, hamma videolarimni, qilgan narsalarimning hammasini ko‘rdi. Ular adolatli qaror chiqardi. “Ishga tiklansin”, dedi. Joyimga tiklab qo‘ydi.

Ishga tiklanib, yaxshigina ishlab yurganimdan keyin, mana bu video tarqalib ketdi. Bular menga qonun tomonlama kuchi yetmagandan keyin, mana bu videoni tarqatishdi. Vaholanki, bu video butun Ohangaron tuman prokurorida ham, ichki ishlarda ham, hokimiyatda ham bor. Men o‘zim yozda olib borib topshirganman, ariza yozganman. “Mana bu odam men bilan urushdi, menga mana bunday tuhmat qildi, mana bunday shantaj qildi, mana bunday menga tadbir qildi. Mayli, men urushdim, to‘g‘ri. Mana, meni ham javobgarlikka torttir, lekin bu odamni ham javobgarlikka torttir”, deb bir dunyo ariza yozdim. Ohangaron tumani o‘shanda o‘tiraverdi. Og‘zini, ko‘zini yumdi. Prokurorning telefonida mening nomerim “chorniy”da turadi. Sababi, men yuz marta, oxiri aytdim bir kun: “Nima qilay, borib o‘sha odamni o‘ldiraymi pichoqlab?” dedim. “Chora ko‘rasanmi, yo‘qmi? Nega u menga tegaveradi, nega meni tinch qo‘ymaydi?” desam, prokuror telefonni o‘chirdi, “chorniy”ga tiqib qo‘ydi.

Keyin asabimdan tamom bo‘ldim. Hamma tomondan u lavozimidan foydalanib, hammani menga qarshi qayrab, ishchilarni yollab, tuhmat gaplar tarqatib, nima kelsa qo‘lidan, qilaverdi. Oxiri chiday olmadim. Keyin bir kuni bog‘chaga chaqirtirdi, o‘sha yerda bog‘chada hamma ota-onalar, xalqning oldida aytyapti: “bolalarni zaharlamoqchi bo‘lding” deb. Vaholanki, u gapni men eshitib bo‘lganman, tarqalib bo‘lgan. Qayerdan chiqqanini bilmay yurgan edim. Qarasam, shu odamdan chiqqan ekan. “Qayerdan olding sen?” dedim. O‘sha joyda sensirab, yopishdim. “Qayerdan olding? Kim aytdi senga?” desam, “Menda xavfsizlikdan ma’lumot bor”, dedi.

Men o‘sha mahallada yashayman, o‘sha mahallaning keliniman, qiziman. U odamlar qanday menga ishonib topshiradi bolasini? Odamlar meni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi, tepkilab mashinalarimga qanaqa janjal ko‘tarishdi: “Bu yoqqa kel, sen hali bolalarni zaharlaydigan bo‘ldingmi?” deb. Keyin uchastkavoy chaqirib, o‘sha yerdan uchastkavoy bilan chiqib ketdim. O‘sha asabda buning orqasidan quvib borib, o‘sha yerda urib, keyin o‘zimni boshqara olmay qoldim. Chunki u meni batamom tamom qildi. Ishimdan ayirdi, bo‘ynimga qancha tuhmat qo‘ydi”, – dedi Abdusamatova.

Ishchi guruh chiqib o‘rganmadi – Abdusamatova

Husniyaning ta’kidlashicha, Toshkent viloyati MMTB rasmiy munosabati yolg‘on bo‘lgan. U masala o‘rganilmay turib izoh berilganini qayd etdi.

Rasmiy munosabatda yozibdi: “Men, ya’ni Abdusamatova Husniya, o‘sha vaqtda juda ham ko‘p qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan. Mirzamatov uni ogohlantirgan vaqtida aybini tan olmasdan, janjal keltirib chiqargan”. Bu yolg‘on. “Ishchi guruh chiqibdi, o‘rganibdi”, degan. Bu ham yolg‘on, chunki hech qanaqa ishchi guruh ham chiqmadi. Men bilan ham, Mirzamatov bilan ham suhbatda bo‘lganini men bilmadim, ko‘rmadim, eshitmadim. Sababi nima, hech kim so‘ramadi.

Masalan, o‘sha boshqarmadagilar bog‘chaning qayerdaligini ham bilmaydi. U bog‘chaning rangi, tusi qanaqa, u yerda qanday bolalar tarbiyalanadi, qanday xodimlar ishlaydi — ularga umuman bog‘cha qiziq ham emas. Men buni aniq bilaman. Sababi, 10-15 kunlab, 1-2 oylab ham bog‘cha rahbarsiz qolib ketaveradi. Bog‘chaga anavi ko‘chadagi informatika o‘qituvchisini qo‘yishadi. Masalan, men boshqarmaga aytdim: “Nega? Bu bir kun ham staji yo‘q-ku, bu qanaqasiga rahbar bo‘ladi?” desam, “Farqi nima, u ham pedagog-ku”, deydi. Masalan, bosh doktoriga oyog‘ining varikozini ko‘rib qo‘y desangiz, tushunadimi bosh doktor? “Farqi nima, u ham doktor-ku”. O‘shanday javob beryapti-da”, – deydi suhbatdosh.

Intervyu davomida Abdusamatova rasmiylar bunday vaziyatlarni chuqurroq o‘rganishi kerakligi, sababini bilmay turib qarorlar qabul qilinayotganiga ishora qilgan. 

Mavzuga oid