O‘zbekiston | 14:29
1802
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ohangaronda maishiy texnika korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumaniga tashrifi davomida Premier maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, loyihaning amalga oshirilishi, ishlab chiqarish quvvatlari va eksport rejalari bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumanidagi Premier maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Tashrifda so‘nggi yillarda mamlakatda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida sohada xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami kengaygani ta’kidlandi.

Ma’lum qilinganidek, Ohangarondagi mazkur loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining Fajr Al Mustaqbal General Trading kompaniyasi bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil etadi.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va 4 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda qurilish ishlari 95 foizga bajarilib, 11,3 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, bu yo‘nalishdagi korxonalar O‘zbekistonda ikki, Markaziy Osiyoda esa to‘rtta bo‘lib, ular orasida mazkur loyiha mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Majmua to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng 87 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Tashrif davomida davlat rahbari ish jarayonlari hamda mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar va ishchilar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, korxonaning 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi taqdim etildi va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘rgazmasi bilan tanishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid