Sport | 21:14 / 21.11.2025
5527
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2026 yilda FIFA Series futbol turniri o‘tkaziladi

Musobaqada 4 ta milliy jamoa, jumladan O‘zbekiston ham ishtirok etadi. Turnir sanasi va boshqa ishtirokchilar nomi hali e’lon qilinmadi.

Foto: UFA

2026 yil mart va aprel oylaridagi xalqaro o‘yinlar oynasi davomida FIFA Series turnirlaridan biri O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xabar berdi.

Qayd qilinishicha, musobaqada 4 ta milliy jamoa, jumladan O‘zbekiston ham ishtirok etadi. Turnir sanasi va boshqa ishtirokchilar nomi hali e’lon qilinmadi.

Ta’kidlanishicha, FIFA Series loyihasining maqsadi — futbolchilarning, murabbiylarning va muxlislarning rivojlanish salohiyatini ochish, shuningdek mazmunli o‘yinlar orqali futbolning universalligini va xilma-xilligini targ‘ib qilishdir.

FIFA Series turnirlari ilk marotaba 2024 yil mart oyida o‘tkazildi. 4 ta jamoa ishtirok etgan kichik musobaqalarga Jazoir, Ozarboyjon, Saudiya Arabistoni, Misr va Shri-Lanka mezbonlik qilgan edi.

2026 yildan FIFA Series ayollar o‘rtasida ham o‘tkaziladi va musobaqalar Braziliya, Kot-d'Ivuar va Tailandda tashkil etiladi.

Erkaklar o‘rtasidagi FIFA Series musobaqasiga O‘zbekistondan tashqari Avstraliya, Ozarboyjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Mavrikiy, Puerto-Riko va Ruanda mezbonlik qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid