O‘zbekiston | 18:58 / 22.11.2025
3831
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qurilish maydonlariga ham suv sepilmoqda

Qurilish inspeksiyasi qurilish bo‘layotgan joylarda chang ko‘tarilmasligi uchun kundalik nazorat o‘rnatdi. Shahar bo‘ylab namlantirish tadbirlariga obodonlashtirish bo‘limlari, suv ta’minoti korxonasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “Maxsustrans” DUKning jami 55 ta maxsus texnikasi safarbar etilgan.

Poytaxt hokimligi e’lon qilgan videodan kadr

Toshkentda qurilish bo‘layotgan joylarda chang hosil bo‘lishiga qarshi kuchaytirilgan tadbirlar boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

Shahar qurilish inspeksiyasi chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida barcha qurilish obektlarini, jumladan hududlar va kirish yo‘llarini majburiy ravishda sug‘orishni o‘z ichiga olgan holda, kundalik kuzatuvni yo‘lga qo‘ydi, deyiladi xabarda.

“Tuproqni muntazam ravishda namlab turish ilmiy jihatdan asoslangan choralardan biridir: nam yuzalar mayda zarrachalarni ushlab qoladi, ularning shamol va texnika vositasida havoga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi, shu bilan havodagi PM zarrachalarining miqdorini kamaytiradi hamda atrofdagi turar-joy massivlarini himoya qiladi”, – deyiladi hokimlik axborotida.

Poytaxt hokimligi e’lon qilgan videodan kadr

21 noyabr kuni boshlangan yo‘llar va daraxtlarga suv sepish ishlari 22 noyabrda ham davom etdi.

Ma’lum qilinishicha, bu jarayonda jami 55 ta maxsus texnika safarbar etilgan:

  • 18 tasi – Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasidan;
  • 12 tasi – tuman obodonlashtirish bo‘limlaridan;
  • 4 tasi – Toshkent suv ta’minoti korxonasidan;
  • 17 tasi – Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan;
  • 4 tasi – “Maxsustrans” DUKdan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil mart oyida qabul qilingan qonunga asosan, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun 10 BHM (hozirda 4 mln 710 ming so‘m) jarima joriy etilgan.

Mavzuga oid